#Sayyor_yig‘ilish
Bugun, 2026 yil 2 fevral kuni Toshkent shahridagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib bordilar.
Yig‘ilishda O‘MI Toshkent shahar vakilligi mutasaddilari, shahrimiz ulamolari shuningdek tumanlar bosh imomlari, otinoyilar, «Haj 2025» ziyoratchilari va mhallalar raislari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida har bir mahallaning kamida 5 tagacha muammoli xonadoniga kirilib, u yerda yashayotgan kishilardan hol-ahvol so‘raldi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub yuzdan ziyod oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub o‘nga yaqin oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
Yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqarolar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Tadbirda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan ham suhbatlashilib, ularga sog‘lik katta ne’mat ekani tushuntirildi.
Diniy soha xodimlarining «Haj 2025» ziyoratchilari bilan birga mahallalarga, oilalarga kirib borayotganidan aholi juda mamnun.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati