Bismillahir Rohmanir Rohiym
Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz (ko‘r) kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, “Menga shifo berishini so‘rab, Allohga duo qiling” dedi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar xohlasang duo qilaman va agar xohlasang sabr qilgin va mana shu sen uchun yaxshisidir”, dedilar. Ko‘zi ojiz kishi esa “Duo qila qoling” dedi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam unga tahorat olishlikni va tahoratini go‘zal qilishligini so‘ngra ushbu duo bilan duo qilishlikni buyurdilar:
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ، وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِيَ اللَّهُمَّ فَشَفِّعْهُ فِيَّ
O‘qilishi: Allohumma inniy asaluka va atavajjahu ilayka binabiyyik Muhammad Nabiyyir-Rohmah, inniy tavajjahtu bika ilaa Robbiy fiy haajatiy haazihi lituqzoo liya, Allohumma fashaffi’hu fiyya.
Ma’nosi: Allohim Sendan so‘rayman va Payg‘ambaring, olamlarga rahmat Payg‘ambar bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan Senga yuzlanaman. Yo Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh meni bu hojatimni bajo keltirishi uchun men Siz bilan ushbu hojatim borasida Robbimga yuzlandim. Allohim U (Muhammad sollallohu alayhi vasallam)ning men boramdagi shafoatlarini qabul etgin (Imom Termiziy rivoyati 3578-hadis).
Ushbu hadis boshqa muhaddislar tomonidan ham rivoyat qilingan bo‘Iib, uni sahih deyishgan. Xususan Imom Ahmad rohimahulloh musnadida ushbu hadisni keltirib, unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahoratdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qishga ham buyurganlarini rivoyat qilgan.
Imom Nasoiy rohimahulloh esa bu hadisning oxirida “Bu duodan so‘ng Alloh taolo uning ko‘zini ochdi” deb aytgan va Imom Ibn Moja va ibn Xuzayma rahimahumalloh ham “U ko‘rishni boshladi” deb ziyoda qilishgan.
Bu dunyoda biror-bir kasallik yo‘q-ki, uni davosi bo‘lmasa, dardni yaratgan Zot shifosini ham O‘zi xohlagan kishisiga ato etadi. Ammo Alloh taolo xohlamasa na tibbiyot va na davo dardga yordam bera olmaydi.
Mirabbos YOROV,
Toshkent Islom instituti bitiruvchisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.