Xalqimizda qiz farzand tarbiyasi bilan odatda ona va buvilar shug‘ullanadi. Biroq bu borada otaning ham o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, qizlar orasida beodobliklar ko‘payayotgan bugungi kunda bu masala yanada dolzarblashdi. Chunki farzand tarbiyasiga oid muammolar tahlil qilinganda aksar axloqsiz o‘g‘il-qizlar otasiz ulg‘ayotgani yoki ijtimoiy tarmoqlarga haddan ortiq berilib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Bugun o‘spirin qizlar orasida TikTok, Instagram, Likee kabi ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik avj olgan. Ular tarmoqlar orqali e’tiborni jalb qilish, “layk” va kuzatuvchilar bilan o‘z qadrini o‘lchashni odat qilyaptilar. Bu esa ularning tarbiyasida jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti.
Mohira Ochilova bunday deydi: «Oilada qizimning tarbiyasi bilan asosan o‘zim mashg‘ul bo‘lardim. Dadasi uning ra’yiga qarar, qattiq gapirmasdi. Oxirgi paytlarda u internet va telefonga mukkasidan ketib, oddiy tanbehni ko‘tara olmay qoldi. Undan telefonni olib qo‘yganimda, uydan qochib ketdi. Shahar tashqarisida yashaydigan “Tik Tok” orqali tanishib olgan qizning uyiga ketibdi. Profilaktika nozirlari yordamida zo‘rg‘a topdik. Keyingi hunari oshib tushdi. O‘z joniga qasd qilishga urindi. Zo‘rg‘a qutqarib qoldik. Ruhshunosga murojaat qildik. Shifokor “Muolajalarga dadasi bilan birga kelsin”, dedi. Uning aytishicha, qizlar otasining gapini ikki qilolmaydi, undan hadiksiraydi va aynan uning gapini qonun deb qabul qiladi. Bu gapi to‘g‘ri chiqdi, qizimning tarbiyasiga dadasi e’tiborli bo‘lgach, u o‘zgardi. Ingliz tili darslariga qatnay boshladi, maktabdagi baholari yaxshilandi, fe’li ham o‘zgardi. Chamamda onalar qalban mehribon va yumshoq bo‘ladi, bolalar buni suiiste’mol qilishadi. Shu bois ayni kunda qizlar tarbiyasida otalarning o‘rni har qachongidan ko‘ra zarur deb bilaman».
* * *
Nigora Qodirova, Sariosiyo tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi: «Maktabda 18 yildan beriishlayman. Turli o‘quvchilarni ko‘rdim. Taassufki, hozir nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlarning tarbiyasiga jiddiy qarash zamon talabiga aylandi. Oldin qizlarni tikish, to‘qish, pazandachilik kabi to‘garaklarga jalb qilardik. Ular bunga qiziqishardi ham. Ammo hozir qizlar telefonga o‘ch, bizning maktab olis qishloqda bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik o‘quvchilarda smartfonlar bor va bu narsa ularning yurish-turishiga, o‘qishiga salbiy ta’sir qilyapti. Eng yomoni, bo‘sh qoldi deguncha be’mani videolar olishga sho‘ng‘ib ketadi. Bunday qizlarni nazorat qilish, tartibga chaqirish qiyin. Ular o‘qituvchiga qo‘pol muomala qilishi ham mumkin. Ammo erkak o‘qituvchilardan biroz hadiksirashadi, baribir erkak kishining qattiqqo‘lligi ta’lim jarayonida ham sezilar ekan. Biroq maktablarda erkak o‘qituvchilar juda kam.
Odatda axloqida muammoasi bor qizlarning onasini emas, aynan otasini chaqiramiz. Chunki oilada otalarning talabchanligi yoki tarbiyaga to‘g‘ri yondashuvi farzandlar kamolida muhim. Shu bois maktabdagi ota-onalar majlisiga faqat otalar kelishini talab qilamiz». Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz…” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyat oilada ota nafaqat moddiy ta’minlovchi, balki ma’naviy muhofiz sifatida ham mas’ul ekanini anglatadi. Afsuski, bugun oramizda shunday erkaklar borki, oilada ularning o‘rni yo‘q. Na ro‘zg‘orga qaraydi, na bolalar tarbiyasiga. Soatlab telefon tomosha qilish bilan ovora. Bundaylar ertaga qiyomatda oilasi haqida so‘roqqa tutilganda, nima deb javob berarkin?!
Qiz farzand tarbiyasini tamomila onaga tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Ota ham u bilan hamfikr bo‘lishi zarur. Aslida qiz bola juda sezgir bo‘ladi. Padari bilan vaqtini o‘tkazishni, muvaffaqiyatini e’tirof etishini, xato qilganida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini istaydi. U otasi timsolida qo‘lidan har ish keladigan haqiqiy himoyachini ko‘radi, shuning uchun uning so‘zini ikki qilolmaydi. Shu bilan birga, qiz farzandga otaning ortiqcha qattiqqo‘lligi ham uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ortiqcha erkalatish esa mas’uliyat hissini pasaytiradi. Shuning uchun ota – mehr bilan qat’iyatni uyg‘unlashtirishi, ham do‘st, ham rahbar bo‘lgani durust.
Oramizda begona yurtlarda mehnat qilib oila boqayotgan otalar ham talaygina. Ular telefon orqali farzandlarining yurish-turishi, o‘qishini doimiy nazorat qilishlari zarur. “Yuzimni yerga qaratma, to‘g‘ri bo‘l, mehnatdan qochma, doim o‘qish bilan band bo‘l, oyingga yordam ber. Sen oilamiz nomusisan” kabi so‘zlarni tas’irchan tarzda aytish farzand tarbiyasida manfaatli bo‘ladi, inshoalloh.
Onalar ham oilada otaning nufuzini, o‘rnini farzandlariga anglatishi kerak. O‘zi ham itoatda bo‘lib, farzandlariga namuna bo‘lishi lozim. Chunki bola onaga qarab ulg‘ayadi. Oilada ko‘rganini qiladi. Ona otani behurmat qilsa, farzandlar ham shunga o‘rganadi va butun jamiyat shunday degan fikrga boradi. So‘ngra uni nazorat qiluvchi kishi yo‘qligidan o‘zboshimchalikni o‘rganadi. Ustozu o‘qituvchilarning ko‘rsatmayu dakkilari ham kor qilmaydi. Shu bois otalar oilada ham boshqaruvchi, ham tarbiyachi ekanini unutmasdan, bolalarimizga ham shuni anglataylik!
Nafisa DO‘STMUHAMMAD tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-soni
http://hidoyatuz.taplink.ws
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati