Muborak Ramazon oyida Alloh taolo hamma musulmonlarga O‘zining rahmati, mag‘ifirati, cheksiz ne’matlarini yog‘diradi.
Bu oy o‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalar... (Zumar, 53)ning ensasidan tutilib, ularga hidoyat yo‘li ko‘rsatiladi.
Bu oyda insonlar yeyish-ichishdan, nafsoniy istaklardan tiyiladilar.
Odatdagidek, kun davomida ko‘ngil tusaganda qahva, choy icha olmaymiz bir oy.
Shu ishlarni Alloh roziligi uchun bajaramiz. Bu bir mo‘jiza, aslida. Lekin uni his etmaymiz.
Misol uchun, bu yil (2026) yurtimizda necha kishi ro‘za tutadi?
Millionlab kishilar Islomning uchinchi ruknini ado etishiga shubha yo‘q.
Endi Osiyo qit’asida yoki butun Islom olamida necha kishi ro‘za tutishini tasavvur qilib ko‘ring-a (!).
Bu amal majburiy emas, balki ixtiyoriy ravishda, nazorat qilinmagan holda bajarilishiga e’tibor qaratsak, shuning o‘zi katta mo‘jiza ekaniga guvoh bo‘lamiz.
14 asr oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo sizlarga har yili bir oy Ramazon ro‘zasini tutishni farz qildi», deb marhamat qilgan.
1,4 ming yildan beri son-sanoqsiz mo‘min-musulmonlar har yili bir oy ixtiyoriy ravishda ro‘za tutadilar. Bu ishda majburlash yo‘q. Agar majburlash bo‘lganida ko‘pchilik ro‘za tutmas edi.
Biror kishiga: «Ro‘za tutsang, shuncha pul beraman» desangiz, u muhtoj bo‘lsa, 3-4 kun ro‘za tutishi mumkin. Lekin pulni olgach, juftakni rostlab qoladi.
Asrlar davomida milliardlab insonlar bir oy ro‘za tutadilar.
Har yili shu holat takrorlanavergani bois uning chinakam favqulodda hodisa ekanini ko‘p ham anglayvermaymiz.
Odam ruhiyatida har doim yashirin narsaga intilish, talpinish bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Odam bolasining har bir amali (uchun beriladigan savob) bir necha baravar ko‘paytiriladi: bir yaxshilik o‘n martadan yetti yuz baravargacha. Alloh azza va jalla bunday dedi: "Ammo ro‘za mustasno, chunki u Men uchundir, uning mukofotini O‘zim beraman"» 0
Shu bois Rabbimiz beradigan ulug‘ mukofotga erishish uchun ixlos ila ro‘za tutamiz. Shu ibodat tufayli milliardlab insonlar valiylik lazzatini totadilar.
Ha, Ramazonda iymoni bor har bir kishi valiy bo‘ladi. Shu maqomni yil davomida, umr bo‘yi asrab qoladigan kishilar qanday ham baxtli! Ular jannatga Rayyon darvozasidan kiradilar, inshoalloh.
Tolibjon NIZOM
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati