Ramazon oyi yaqinlashgani sayin mo‘min-musulmonlarning xursandchiligi yanada ziyoda bo‘lmoqda. Shubhasiz, qutlug‘ oyga ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydigan, bu oyga xos bo‘lgan ibodat taroveh namozidir. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon oyida iymon bilan savob umidida (tarovehda) qoim bo‘lsa, avvalgi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.
Ertaga, 18 fevral kuni xufton namozidan so‘ng yurtimizdagi masjidlarda taroveh namozi boshlanadi, insha Alloh.
Mamlakatimizning 14 ta hududidagi masjidlarda taroveh namozining boshlanish vaqtlari bilan quyida tanishing:
Andijon –– 20:20
Farg‘ona –– 20:20
Namangan –– 20:20
Toshkent v. –– 20:30
Toshkent sh. –– 20:30
Sirdaryo –– 20:30
Jizzax –– 20:30
Samarqand –– 20:40
Surxondaryo –– 20:40
Navoiy –– 20:40
Buxoro –– 20:40
Qashqadaryo –– 20:45
Xorazm –– 21:00
Qoraqalpog‘iston R. –– 21:00
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Yurtimizda ko‘plab o‘quv markazlari tashkil qilinib, faoliyat yurgizib kelmoqda. Ana shunday markazlarning ayrim tinglovchilari darsga nisbatan beparvolikliklari tufayli mashg‘ulotlarga kech qolayotgan yoki darslarni yaxshi o‘zlashtirmayotgan bo‘lsa, undaylarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llab, yig‘ilgan mablag‘larni yaxshi o‘zlashtirayotgan tinglovchilarga mukofot sifatida berish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Talabalarni o‘quv muassasasi tartib va qoidalariga amal qilishga o‘rgatib borish sog‘lom ta’lim muhitini saqlab qolish uchun zarurdir. Ammo o‘rnatilgan tartiblarga amal qilmayotganlarga moliyaviy jarima solish joiz bo‘lmaydi. Chunki musulmon kishining mol-mulkini shar’iy asossiz boshqa odam olishi mumkin emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol bo‘lmaydi, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersa, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Intizomni saqlash uchun boshqa joiz bo‘lgan usullardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Masalan, davomati joyida va imtihonlarda yaxshi natija ko‘rsatib kelayotgan talabalar uchun maxsus mukofotlar e’lon qilish, ta’lim to‘lovlariga chegirmalar berish va boshqa rag‘batlantiruvchi choralarni ko‘rish ana shular jumlasidandir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.