Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson zotida yaratilish e’tibori bilan nuqsonlar juda ko‘pdir. Lekin unda ajoyib bir jazba yashaydi. Agar uning jazbasi jo‘sh o‘rsa, undagi zaiflik quvvatga, jahli esa ilmga o‘zgaradi. Kamchiliklari mukammallikka aylanadi.
Shunda u inson jannatga haqli bo‘ladi. Bu jazbaning nomi “Ilohiy ishq” deyiladi. Bu xuddi niholning tagidagi suv kabidir. Agar suv bo‘lmasa, daraxt yam-yashil bo‘lib ko‘karmaydi. Uning tagida suv bo‘lsagina gullaydi, meva beradi. Insondagi ilohiy ishq ham daraxtning suvi kabidir. Agar insonda ilohiy muhabbat bo‘lsa, uning imoni gullay boshlaydi va undan mo‘minlik ifori taraladi va yon-atrofni ham o‘rab oladi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning "Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati