#xabar #ramazon
Shu yil 17 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, bosh imom-xatiblar, masjidlar imom-xatiblari, otinoyilar hamda ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Davlatimiz Rahbarining muborak oyni o‘tkazishga doir qarori va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan muhim topshiriqlar ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, mazkur oyni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish hamda bemorlarning jarrohlik amaliyotlariga yordam berish kabi xayrli ishlarni tizimli tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
O‘z navbatida, iftorlik marosimlarida isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, xonadonlarda yaqinlar bilan ixcham va mazmunli o‘tkazishga e’tibor berish hamda kam ta’minlangan oilalar uylarida iftorliklar qilib berish orqali ularni ko‘nglini shod etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ulug‘ oyda ibodatlarni ado etish uchun mo‘min-musulmonlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida masjidlarda xatmi Qur’on va taroveh namozlarini tartibli o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, masjid va ziyoratgohlarni obod holatda tutish, ibodat vaqtida xavfsizlik choralarini ko‘rish, jumladan, yong‘in, texnika va transport xavfsizligini qat’iy ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Soha mutasaddilariga OAV orqali xalqimiz orasida mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik tuyg‘ularini keng targ‘ib qilish, isrofgarchilikning salbiy oqibatlarini tushuntirish vazifasi yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimiz masjidlarida 2026 yil 20 mart – juma kuni Ramazon hayiti namozining o‘qilish vaqtlari quyidagicha belgilandi:
1. Andijon viloyati 06:40
2. Farg‘ona viloyati 06:40
3. Namangan viloyati 06:40
4. Toshkent shahar 06:50
5. Toshkent viloyati 06:50
6. Sirdaryo viloyati 06:55
7. Jizzax viloyati 07:00
8. Samarqand viloyati 07:00
9. Navoiy viloyati 07:05
10. Buxoro viloyati 07:05
11. Qashqadaryo viloyati 07:05
12. Surxondaryo viloyati 07:05
13. Xorazm viloyati 07:25
14. Qoraqalpog‘iston Res. 07:30
#namoz #vaqt #ramazon_hayiti
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati