“Umra – 2026” Ramazon mavsumining ilk guruh ziyoratchilari fazilatli kunlarni muqaddas joylarda ibodat va ziyorat bilan o‘tkazmoqda.
Muborak safarning dastlabki uch kunida ziyoratchilarimiz Madina shahrida bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ravzai shariflarini ziyorat qildilar.
Shuningdek, islom tarixida o‘chmas iz qoldirgan Uhud tog‘i, taqvo asosiga qurilgan Qubo masjidi kabi tabarruk joylarni borib ko‘rishdi.
Ziyorat davomida hamyurtlarimiz Makka shahriga yetib kelib, ixlos va muhabbat ila umra amalini ado etdilar. Muborak zamindagi Arafot, Nur va Savr tog‘lari, shuningdek, Mino va Muzdalifa vodiylari bo‘ylab qilingan ziyoratlar har bir yurtdoshimiz qalbida chuqur iz qoldirdi.
Alloh taolo Ramazon oyida ado etilayotgan ziyorat va ibodatlarni qabul aylasin! Yurtdoshlarimizning duolari ijobat bo‘lib, bunday muqaddas safarlar barchamizga nasib etsin!
+998778821858, +998998821858
@Hajumrauzbot
VILOYATLARDA (https://taplink.cc/hajumrauz)
@hajumrauz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati