Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqanida xursand bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar:
"Birinchi xursandchilik - farz ibodatni salomat holda bajargani, Alloh taolo unga kuch-quvvat va tavfiq bergani, ko‘plab savoblarga ega bo‘lgani uchun bo‘ladi.
Ikkinchi xursandchilik - oxiratda Robbiga yo‘liqqanida tutgan ro‘zasi uchun berilgan ulkan savoblarni ko‘rganida bo‘ladi".
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmas", dedilar (Ibn Moja va Tobaroniy rivoyati).
Ramazon hayitiga o‘tar kechaning butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur’on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o‘tkazish ko‘plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.