Hech shak-shuhbasiz, har qanday yosh bola xato qiladi. Ba’zan noto‘g‘ri ish qiladi. Axir u bola-ku. Ammo ko‘pchiligimiz bolalarning xatosini qabul qila olmaymiz. Farzandimiz yoki boshqalarning farzandining xatolaridan qattiq g‘azablanamiz. Ba’zilar hatto farzandini kaltaklaydi, uradi. Ammo, unutmangki! Alloh toalo yosh bolalarni hisob-kitob qilmaydi.
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xurmo daraxtiga tosh otayotgan bolalarning oldidan o‘tib qoldilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bolalarim, daraxtga tosh otmang! Chunki bu bilan daraxtga ham, odamlarga ham ziyon yetkazasiz. Lekin yerga tushgan xurmolarni terib, yeng. Alloh sizning qorningizni to‘ydirsin", dedilar.
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘zal xulqni o‘rgatdilar, yomonlikdan qaytardilar va ularning haqiga duo qildilar.
Davron NURMUHAMMAD
Muborak Qurbon hayiti arafasida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Farg‘ona viloyatida ham tashkil etildi. Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari Farg‘ona tumanida bo‘lib, ikki bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim bo‘lgan bolajonlar holidan xabar oldilar.
Samimiy muloqot davomida bemor bolalar va ularning ota-onalariga ma’naviy dalda berilib, shifo tilandi. Shuningdek, davolanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan xayriya mablag‘lari o‘z egalariga topshirildi.
Bu kabi tadbirlar jamiyatimizda mehr-shafqat va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, bemor farzand tarbiyalayotgan oilalarga xalqimizga xos g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati