O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi bosh mutaxassisi A. Bobomirzayev, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi yetakchi mutaxassisi M. Xodjayev hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi D. Rahimov Hadis ilmi maktabida bo‘ldi.
Tashrif doirasida bitiruvchi talabalarning ish taqsimoti masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mas’ullar tomonidan yosh mutaxassislarni ishga yo‘naltirish, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish yuzasidan muhim maslahat, taklif va amaliy tavsiyalar berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati