O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi bosh mutaxassisi A. Bobomirzayev, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi yetakchi mutaxassisi M. Xodjayev hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi D. Rahimov Hadis ilmi maktabida bo‘ldi.
Tashrif doirasida bitiruvchi talabalarning ish taqsimoti masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mas’ullar tomonidan yosh mutaxassislarni ishga yo‘naltirish, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish yuzasidan muhim maslahat, taklif va amaliy tavsiyalar berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati