Mamlakatimizda yoshlarni o‘z sohada yetuk mutaxassis etib yetishtirish, ularni mas’uliyatli va o‘z xizmatiga fidoiy qilib tarbiyalash borasida “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida muhim tadbirlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 9 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov va Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov ta’lim muassasasida bo‘lishdi.
Dastlab talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. So‘ng bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida 42 nafar bitiruvchi talabaning kelgusi faoliyati haqida so‘z bordi. Muloqot davomida bitiruvchi talabalar o‘z oldilariga aniq maqsadlarni qo‘yganlari namoyon bo‘ldi. Xususan, yoshlarning arab, ingliz va nemis tillarini puxta egallagani ularning nafaqat yurtimiz, balki O‘zbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasi asosida xalqaro miqyosda ham diniy xizmat olib borish imkoniyatini kengaytirishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda ta’limni yuqori bosqichlarda davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun, muassasaning o‘tgan yilgi bitiruvchilaridan 4 nafari Iordaniyadagi Islom ilmlari universitetida tahsilni davom ettirmoqda. Bu kabi ijobiy natijalar muassasa rahbariyati va mudarrislarning fidokorona mehnati hamda tajribali ustozlarning muntazam targ‘ibot ishlari samarasi hisoblanadi.
Samimiy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularga ustozlar tajribasini yetkazish orqali dinimiz va yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan salohiyatli kadrlar bo‘lishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati