Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va Moliyaviy nazorat va taftish bo‘limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Hidoya» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda sohadagi islohotlarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Zayniddin domla o‘z ma’ruzasida yosh avlodning ma’naviy qiyofasi, ilmiy salohiyati va odob-axloqi masalalariga urg‘u berib, tolibi ilmlarga muhim hayotiy tavsiyalarini berdi.
Talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni diniy-milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida yakunlandi.
Ravza.uz
Fayzli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z nutqlarida Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichini ilk bitiruvchilar muvaffaqiyatli tamomlagani ulkan tarixiy voqea bo‘lgani, Yurtboshimizning tashabbusi bilan ulamolarimiz va mo‘min-musulmon xalqimizning ana shunday orzu umidlari, ixlos bilan qilgan duolari ijobat bo‘lganini alohida ta’kidladilar.
Marosim davomida Muftiy hazratlari har bir bitiruvchini samimiy tabriklash barobarida magistrlik diplomlarini tantanali ravishda topshirdilar.
Shundan so‘ng Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat faoliyatini boshlayotgan magistrlarning oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildilar.
Bunday rag‘bat va imtiyozlar diniy-ma’rifiy sohada yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega ilmiy-pedagog kadrlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati