O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli loyihalar izchil davom ettirilmoqda.
Shu yilning 14 aprel kuni Fond homiylarning mablag‘lari hisobidan poytaxtimizda qurilgan yangi ko‘p qavatli uylardan xarid qilingan 14 ta xonadon o‘z egalariga topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, Fond mutasaddilari, saxovatpesha homiylar hamda OAV vakillari ishtirok etgan ushbu marosim haqiqiy mehr-oqibat bayramiga aylanib ketdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, jumladan, bunday dedi:
– Bunday olijanob tashabbus Prezidentimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tiborlarining bir amaliy ifodasidir. Davlatimiz Rahbarining bu borada ajratgan katta miqdordagi mablag‘i bu ishlarning yangi bosqichga chiqishida katta turtki bo‘ldi. Mazkur xursandchilik tadbiri ham ana shu xayrli ishlarning uzviy davomidir.
Ta’kidlash joizki, “Vaqf” fondi o‘tgan 2025 yil davomida ham 55 ta uyga muhtoj, yetim-miskin oilaga to‘liq jihozlangan turar joylarni tuhfa etgan edi. Bu galgi xayrli ish esa uzoq yillardan buyon boshpanasiz va ijarada sarson bo‘lib yurgan yurtdoshlarimiz uchun kutilmagan quvonchli voqea bo‘ldi.
Yangi xonadon kalitlarini qabul qilib olayotgan oilalarning quvonch ko‘zyoshlari va samimiy duolari tadbir ishtirokchilarini to‘lqinlantirib yubordi.
Jumladan, to‘rt farzandning onasi Oisha Rahimjonova bunday dedi:
“Bugun biz uchun yangi hayot boshlandi. Ko‘p yillar farzandlarim bilan o‘z uyimiz bo‘lishini orzu qilgandim. Bu tuhfa bir mo‘jizadek bo‘ldi. Avvalo, Allohga shukronalar bo‘lsin, so‘ngra bizni qo‘llab-quvvatlagan saxovatli insonlarga mingdan ming rahmatlar aytaman”.
Shunday qilib, yana 14 ta oila o‘z uyiga ega bo‘lib, jamiyatimizda inson qadri naqadar baland ekanini o‘z hayotlari misolida his etishdi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi xalqimizning mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob qadriyatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida xizmat qilishda davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati