Samarqand viloyati bosh imom-xatibligi tashabbusi bilan Qo‘shrabot tumanida «Inson qadri uchun» tamoyili asosida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov boshchiligidagi shahar va tuman bosh imom-xatiblari, iqtidorli ulamolar hamda "Haj – 2025" ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi tumandagi 16 ta mahallada bo‘lib, 80 dan ortiq xonadonlar holidan xabar oldilar.
Bu samimiy muloqotlar davomida ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi, bemorlar ziyorat qilinib, ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi. Shuningdek, mahalla faollari bilan hamkorlikda oilaviy nizolarni bartaraf etish va adashgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha yakkama-yakka tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar atrof-muhit obodligi bilan uyg‘unlashib ketdi. "Yashil makon" loyihasi doirasida "Baliqchi ota" jome masjidi hududiga imomlar tomonidan manzarali daraxt ko‘chatlari qadaldi. Bu xayrli amal dinimiz ko‘rsatmasiga munosib javob bo‘lib, kelajak avlod uchun qoldirilgan chinakam merosdir.
Tadbir yakunida tuman masjidlarida peshin namozidan so‘ng ma’rifiy ma’ruzalar tashkil etilib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi so‘rab xayrli duolar qilindi. Bu kabi tadbirlar xalq bilan yaqin bo‘lish, inson dardini tinglash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashning eng oliy namunasi bo‘ldi.
O‘zbekistonton musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Yurtimizdagi jome masjidlarda 2026 yil 27 may chorshanba kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:
Andijon 05:05
Namangan 05:05
Farg‘ona 05:05
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:30
Surxondaryo 05:30
Qashqadaryo 05:35
Navoiy 05:35
Buxoro 05:35
Xorazm 05:50
Qoraqalpog‘iston Res. 05:55
Yuqorida ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati