Shu yil 14-15 aprel kunlari Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘ofurov, Oliy ma’had Qur’on va tajvid ustozlari ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida dastlab Farg‘ona shahri va Buvayda tumanidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslarini tamomlagan 150 nafar bitiruvchiga sertifikatlar topshirilib, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan mas’ullar taqdirlandi.
Shu bilan birga, viloyatdagi 160 nafar otinoyi va xotin-qizlar faollari uchun “Xotin-qizlarni radikal g‘oyalar ta’siridan himoya qilish tizimini mustahkamlash asoslari” mavzusida sayyor malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.
Uchrashuv va seminarlarda asosiy e’tibor jamiyatda sog‘lom diniy muhitni barqarorlashtirish, yoshlar tarbiyasi, bid’at va xurofotlarga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashish hamda tinchlik ne’matining qadriga yetish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Bu singari tadbirlar hududlarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati