Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
6-20 aprel kunlari Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida qiroat darslarining navbatdagi amaliy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu darslarda Abdulloh qori Haydarov (Buxoro viloyatida), Abdusamad qori Mamasoliyev (Xorazm viloyatida) va Abdulbosit qori Eshqobilov (Toshkent viloyatida) amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.
Bunday o‘quvlar reja asosida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muborak Qurbon hayiti ayyomi arafasida yurtimiz bo‘ylab qadamjolar, ziyoratgohlar va qabristonlarni tartibga keltirish hamda obodonlashtirish ishlari keng quloch yoydi.
Xususan, joriy yilning 23–24 may kunlari respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur xayrli tashabbus doirasida Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va diniy soha xodimlari o‘zlariga biriktirilgan qabristonlarda hashar ishlarini boshlab yubordilar.
Hashar davomida quyidagi keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda:
Hududlarni tozalash: Qabristonlar atrofi va ichi qurigan o‘t-o‘lanlardan, shox-shabbalardan hamda chiqindilardan butunlay tozalanmoqda;
Ko‘klamzorlashtirish: Ziyoratgohlar hududiga mahalliy iqlimga mos bo‘lgan manzarali daraxt ko‘chatlari, turfa xil gullar hamda fayz bag‘ishlovchi rayhonlar ekilmoqda.
Bu kabi tizimli ishlar natijasida viloyatdagi qabriston va ziyoratgohlar yanada obod, ozoda va fayzli maskanga aylantirilmoqda.
Xalqimizda o‘tganlarning xotirasini shod etish, ularning manzillarini ozoda saqlash azaldan muqaddas qadriyat va ulug‘ savobli amallardan sanaladi. Hayit oldidan o‘tkazilayotgan bunday hasharlar jamiyatimizdagi hamjihatlik va ajdodlar xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmatning yorqin namunasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati