Seni qo‘rqitgan qanchadan-qancha ishlar,
Orzularing sen tomon sudrab keltirar.
Ey, chin muslima va taqvoli mo‘mina singlim! Siz yomonlikdan uzoq, aziyatlardan yuqorida turadigan, unga tosh otilsa ularga xurmo berib yaxshilik qiladigan, doimo yashil bo‘lib turadigan va manfaatlari ko‘p arab xurmosi kabi bo‘ling. Siz ahmoqona mayda ishlar va hayoyingizni tortib olishga olib boradigan amallardan balandda turadigan maqomi oliy ayol bo‘ling. Kalomingiz zikr, nazaringiz ibrat va sukutingiz tafakkur bo‘lsin. Shundagina siz saodat va rohatga yetishasiz. Atrofda yaxshilik bilan nom qozonasiz, sizga chin dildan duo qilishadi va yaxshi so‘zlar bilan yodga olishadi.
Alloh taolo sizdan tanglik, qo‘rquv sharpalari va g‘am to‘dalarini ketkazadi. Shunda siz mo‘minlarning sizga qilgan duolari ostida uxlab, sizga aytilgan maqtovlar ostida uyg‘onasiz. Baxt boylik zahiralari, liboslar va xodimlarning ko‘pligida emas, haqiqiy baxt Allohga itoat etishda ekanini to‘liq anglab yetasiz.
Shu’la: O‘zingizga ishoning! Chunki o‘zgarish juda sekin bo‘ladi. Bu yo‘lda ishtiyoqingizni so‘ndiradigan qiyinchiliklarga uchraysiz. Zinhor ularga bo‘sh kelmang, agar bo‘sh kelsangiz ular albatta sizni mag‘lub qilishadi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bayramona ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqtov, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va xayr-saxovat qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarga quvonch ulashish eng ulug‘ va savobli amallardan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturi bolalar uchun tayyorlangan maxsus shoudasturlar va qiziqarli o‘yinlar bilan boyitildi. Tadbir yakunida barcha bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona xizmatlari uchun "Vaqf" fondi Xorazm viloyati filiali rahbari Alijon domla Matyaqubovga tashakkurnoma topshirildi.
Fayzli o‘tgan tadbir yakunida ushbu saxovat tadbiriga hissa qo‘shgan barcha homiylar va saxovatpesha insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati