Haqiqatda til insonning qadr-qimmatini belgilaydi. Kimning tili to‘g‘ri, lafzi halol bo‘lsa, hurmati oshadi.
Sidqning fazilati bobida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu muborak so‘zlari kifoya qiladi:
“Shubhali narsani qo‘y, shubhasiz narsani ushla. Haqiqatda to‘g‘rilik bu qalbning xotirjamligidir, yolg‘on esa shubhani oshiradi” (Imom Termiziy, “Qiyomat”, 60).
Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam yana marhamat etgan ekanlar:
“Sidq – to‘g‘rilik kishini xayrli amallarga undaydi, xayrli amallar esa jannatga eltadi. Yolg‘on fisqu fujurga undaydi, fisqu fujur esa jahannamga eltadi” (Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohdan rivoyat qilingan, Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).
Luqmoni Hakimdan so‘radilar:
“Qaysi amalingiz sizni bu darajaga yetkizdi?”.
U zot javob berdilar:
“Rostgo‘yligim va behuda so‘zlarni tark etganim”.
Sidq-to‘g‘rilik garchi ko‘rinishdan go‘yo bir qiyinchilik yo xavf tug‘diradiganga o‘xshasa ham baribir najot shundadir, deb olimlar ittifoq qilibdilar. Jumladan, ular aytibdilarki:
“Hamisha, har joyda faqat to‘g‘ri bo‘l, menga ziyoni yetadi, deb xafsiragan joyingda ham, foydasi tegadi. Yolg‘onni qo‘y, go‘yo foydasi tegib turgan joyda ham, aslida ziyoni yetadi”.
Yolg‘on ishlatib foyda qilaman, deb o‘ylagan tojir qattiq adashadi. Sahobalardan keltirilgan bir xabarda bunday deyilibdi: “To‘g‘riso‘z, halol tijoratchi kambag‘allashmaydi”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
2026 yil 28 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatida imom-xatiblar, imom-noiblar hamda otinoyilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi olib bordi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov hamda Ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Akbar Do‘smatov ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida diniy soha vakillari faoliyatida ijro intizomiga qat’iy rioya etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, har bir murojaatga mas’uliyat va e’tibor bilan yondashish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda imom-xatiblar, imom-noiblar va otinoyilar o‘z faoliyati davomida aholiga yanada yaqin bo‘lishi, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishi, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga hissa qo‘shishi, yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishi hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirishi lozimligi qayd etildi. Shu bilan birga, diniy soha xodimlaridan xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashish, odob-axloq qoidalariga rioya etish, aholi o‘rtasida bag‘rikenglik, hamjihatlik va ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish so‘raldi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash, murojaatlar bilan ishlashda mas’uliyatni oshirish hamda diniy soha vakillari faoliyati samaradorligini yanada yuksaltirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati