"Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan odam haqiqiy baxtlidir. Shuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan inson haqiqiy baxtsizdir. Taqdir esa insonlardan sir tutiladi, u faqat Allohgagina ma’lumdir. Uni hatto, Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham, payg‘ambarlar ham bilmaydilar. Taqdir to‘g‘risida chuqur xayol yurgizish yoki bahslashish behuda ishdir, balki tug‘yondir. Bundan juda hazar qilish zarur. Uni Alloh taolo o‘ziga xos ilm qilib, bandalarini taqdir to‘g‘risida fikr yuritishdan man etadi. Bir oyati karimada: «Alloh O‘zining qiladigan ishlaridan hech kimga hisobot bermaydi, balki odamlar Unga hisobot berurlar», deyiladi. Kimiki: "Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qilmadi?" desa, Taqdir hukmini rad etgan bo‘lib, iymondan ajrab qoladi".
"Aqida matnlari" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men yaqinda bir video ko‘rdim. Unda xo‘roz boqish, ayniqsa, oq xo‘roz boqish sunnat ekani, Payg‘ambarimiz alayhissalom ham uylarida xo‘roz boqqanlari aytilgan ekan. Shunday mazmunda hadis bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hadis sohasida yetuk allomalar xo‘roz haqida kelgan ikkita hadis sahih, ammo boshqalari, xususan, oq xo‘roz haqidagi hadislarni to‘qima yoki o‘ta zaifdir deganlar. Ikki hadisning birini imom Abu Dovud rahimahulloh Zayd ibn Xolid roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Xo‘rozni so‘kmanglar, chunki u namozga uyg‘otadi”, deganlar.
Ikkinchisini Abu Hurayra roziyallohu anhudan imom Buxoriy va Muslim rahimahullohlar rivoyat qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xo‘rozning qichqirishini eshitsangiz, Allohdan fazl-marhamat so‘rang, chunki u farishtani ko‘rgan”, dedilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi