Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2026   |   8 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:49
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2026, 8 Zulhijja, 1447

Shayx Sha’roviyning “Maqomi Ibrohim”ni ko‘chirilishiga to‘sqinlik qilgani va buning mukofoti

06.05.2026   7222   4 min.
Shayx Sha’roviyning “Maqomi Ibrohim”ni ko‘chirilishiga to‘sqinlik qilgani va buning mukofoti

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1954 yilda Qirol Saud Saudiya ulamolarining aksariyati bergan fatvoga asoslanib, Ibrohim alayhissalomning maqomini ko‘chirishga qaror qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — tavof qiluvchilar ko‘payib, joy torlik qilayotgani sababli tavof maydonini (matofni) kengaytirish edi. O‘sha paytda tirbandlik katta muammoga aylangandi.

O‘sha vaqtda rahmatli Shayx Sha’roviy Makkai Mukarramadagi Shari’at fakultetida mudarris edi. U kishi Azhari sharifdan Saudiyaga yuborilgan delegatsiya a’zolaridan biri bo‘lgan. Shayx tasodifan bu qarordan xabardor bo‘ladi va buni shariatga zid deb hisoblaydi. U delegatsiyaning ba’zi a’zolariga bu ishni to‘xtatish uchun aralashishni taklif qiladi, lekin ular: Bu ish tugagan, yangi bino qurib bo‘lingan, ko‘chirishga atigi 4 kun qoldi. Agar aralashsak, buni ichki ishlarga aralashish deb baholashlari va boshimizga muammo tushishi mumkin, deb rad javobini berishadi.

Biroq Shayx qoniqmaydi. U Saudiyaning ba’zi olimlari, jumladan, Shayx Ibrohim An-Nuriy va Is'hoq Azzuz bilan bog‘lanadi. Ular ham harakat qilishganini, lekin endi kech ekanini aytishadi. Shunda Shayx Sha’roviy bu ishni yolg‘iz o‘zi qilishga qaror qiladi.

Shayx Sha’roviy Qirol Saudga besh sahifali telegramma yo‘llaydi (bu telegramma uchun u o‘zining butun oylik maoshini sarflagan). Unda masalani tarixiy va fiqhiy jihatdan asoslab beradi. Shayxning fikricha, maqomni ko‘chirish shariatga zid edi. Maqomni ko‘chirish tarafdorlari “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham uni ko‘chirganlar” degan dalilni ro‘kach qilishardi.

Shayx esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shariat sohibi va qonun chiqaruvchi ekanlarini, u zot maqomni qo‘ygan joydan keyinchalik kimdir uni ko‘chirishiga bu hujjat bo‘lolmasligini aytadi.

Shuningdek, u Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ishini misol keltiradi. “Ummu Nashhal” nomi bilan mashhur kuchli sel kelib, maqomni joyidan surib ketganda, Umar roziyallohu anhu Madinadan tashvish bilan yetib keladi. Sahobalarni yig‘ib: Orangizda kim bu maqomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davridagi asl o‘rnini biladi? deb so‘raydi.

Shunda bir kishi turib: Ey Umar, men bunday holat bo‘lishini ko‘nglim sezib, maqomning atrofdagi narsalarga nisbatan masofasini arqon bilan o‘lchab qo‘ygandim. Mana shu arqondagi tugun asl o‘rnini ko‘rsatadi, deydi. Biroq hazrati Umar zakovatlari bilan gapni shundoq qabul qilmay, arqonni keltirishni buyuradi va uning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgach, maqomni aynan o‘sha asl joyiga qaytaradi.

Telegramma Qirol Saudga yetib borgach, u olimlarni yig‘ib, maktubni o‘rganib chiqishni va ertasi kuni – maqom ko‘chirilishiga 24 soat qolganda – xulosa berishni so‘raydi. Saudiyalik olimlar telegrammadagi dalillarga qo‘shilishadi va bu so‘zlarni rad etib bo‘lmasligini aytishadi.

Shundan so‘ng Qirol maqomni ko‘chirishni to‘xtatish va u uchun qurilgan yangi binoni buzib tashlash haqida farmon beradi.

Shayx Sha’roviy matofni (tavof maydonini) kengaytirish uchun maqomga tegmasdan boshqa yechim taklif qiladi: Maqomni o‘rab turgan eski bino juda katta bo‘lib, aynan shu narsa tirbandlikka sabab bo‘layotgandi. Shayx o‘sha binoni olib tashlab, maqomning o‘zini ikki kishilik joy egallaydigan kichik hajmda qoldirishni va ustini o‘q o‘tmaydigan, mustahkam shisha gumbaz bilan yopishni taklif etadi. U: Ibrohim maqomining ochiq ko‘rinib turishi Unda ochiq alomatlar Ibrohim maqomi bor degan oyatga muvofiq keladi, uni odamlar ko‘zidan to‘sib qo‘yish mantiqsiz, deydi.

Allohning fazli bilan Shayxning taklifi qabul qilinadi. Eski bino buzilib, maqom ustiga shisha gumbaz o‘rnatiladi va u odamlar ko‘ziga ko‘rinadigan holga keladi.

Shayx Sha’roviy bunday degandi: “Alhamdulillah, Qirol Saud meni chaqirtirdi. Bordim, u menga tashakkur aytib, mishlah (chopon), soat va ruchka hadya qildi”.

Shuningdek, Shayx Sha’roviy aytadiki, Qirol maqomni ko‘chirishni to‘xtatish haqida buyruq berganidan ikki kun o‘tib, Alloh uni tushida Ibrohim Xalilullohni ko‘rish sharafiga muyassar qilgan.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

QURBON HAYITI NAMOZINING O‘QISH VAQTLARI

26.05.2026   1320   1 min.
QURBON HAYITI NAMOZINING O‘QISH VAQTLARI

 

Yurtimizdagi jome masjidlarda 2026 yil 27 may chorshanba kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.



Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:

Andijon 05:05

Namangan 05:05
Farg‘ona 05:05
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:30
Surxondaryo 05:30
Qashqadaryo 05:35
Navoiy 05:35
Buxoro 05:35
Xorazm 05:50
Qoraqalpog‘iston Res. 05:55

Yuqorida ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari