Shu yil 4 may kuni Mir Arab o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasida talabalarning Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatini oshirish va hofizi kalomlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’anaviy Qur’on musobaqasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
«Imom Osim ibn Abu Najud izdoshlari – Qur’oni Karim oshiqlaridir» shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbir yuqori saviyada o‘tkazildi.
Musobaqa ishtirokchilari ikki yo‘nalish — Qur’oni karimni to‘liq yod olganlar hamda 29-30-juzlarni mukammal o‘zlashtirganlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Talabalarning qiroat va tajvid mahoratini tajribali ustozlar Diyorbek Ahmedov va Anvar Karimovlar baholab bordi.
Tadbirda Mir Arab o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri Jaloliddin Saburov, oliy madrasa katta ustozi Ismoiljon Hamroqulov va boshqa soha vakillari ishtirok etib, qorilarning ilm yo‘lidagi zafarlariga xayrli duolar qildi.
Qizg‘in kechgan musobaqa natijasiga ko‘ra, to‘liq hifz yo‘nalishida oliy madrasa talabasi Islom Ilhomov hamda o‘rta-maxsus ta’lim muassasasi talabasi Muhammad Abrorxon Yunusxonov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 29-30-poralar bo‘yicha Javlonbek Turdiqulov eng yuqori natijani qayd etdi.
Musobaqa yakunida g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘a va pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Qur’oni karimni ilk bor to‘liq yodlab tugatgan 20 nafarga yaqin talaba alohida e’tirof etilib, taqdirlandi.
Bu kabi musobaqalar kelajakda yurtimizdan yetuk ulamolar va qorilar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati