Bugun, 5 may kuni Madinai munavvarada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari ehromga kirib, Madina shahri yaqinida joylashgan miyqot – Zulhulayfa vodiysida tamattu’ hajining umrasini niyat qilgan holda, Makkai mukarramaga yo‘l olishdi.
Ta’kidlash joizki, ayni kunlarda “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatish, ularning haj ibodatlarini go‘zal ado etishlari uchun Ishchi guruhi tomonidan Makka shahrida ham joriy mavsumga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Xususan, mehmonxonalarda ozodalik va zarur jihozlar mavjudligi bilan bir qatorda, tibbiyot xonalari hamda oshxonalarning to‘liq shay holatga keltirilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, muqaddas ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa zamonaviy avtobuslarda o‘rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o‘tiladi. Ehrom bog‘lab, Zul-Hulayfada umraga niyat qilgan, tilidan “labbayka” tushmagan hojilarimiz yo‘l mashaqqatini deyarli sezmaydilar, inshoAlloh.
Alloh taolo Makkai mukarramaga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun 17 iyun 2026 yil Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2025-2026- o‘quv yili bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy attestatsiya imtihonlari Umumta’lim fanlari: O‘zbekiston tarixi, Milliy g‘oya hamda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi fanlari bo‘yicha boshlandi.
Mazkur imtihonlarda Yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatillo domla Usmonov ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyat tiladilar hamda ularning kelgusidagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga oid tavsiya va nasihatlar berdilar.
Yakuniy attestatsiya imtihonlari belgilangan tartib va mezonlar asosida davom etmoqda.