Bugun, 5 may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ochilish marosimida oliy martabali mehmon Malayziya Qirolichasi Radja Zarit Sofiya ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy diplomatiya va gumanitar aloqalar yangi pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda mahalliy va xorijiy olimlar, davlat va jamoat arboblari bilan bir qatorda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, mudarrislar, imom-xatiblar, otinoyilar qatnashdi. Anjuman ishtirokchilari yalpi majlis va uchta sho‘bada islom ilmiy merosini o‘rganishning zamonaviy masalalarini muhokama qildi.
Konferensiya doirasida Malayziya texnologiya universiteti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, Malayziya tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 20 000 nusxa Qur’oni karimning hadya qilinishi va Qirolicha xonimga “Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plami” kitob-albomining taqdim etilishi anjumanga yanada fayz bag‘ishladi.
Mazkur nufuzli tadbir xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va islom ma’rifatini keng yoyish yo‘lidagi xayrli qadamlardan biri bo‘ldi.
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizdagi jome masjidlarda 2026 yil 27 may chorshanba kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:
Andijon 05:05
Namangan 05:05
Farg‘ona 05:05
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:30
Surxondaryo 05:30
Qashqadaryo 05:35
Navoiy 05:35
Buxoro 05:35
Xorazm 05:50
Qoraqalpog‘iston Res. 05:55
Yuqorida ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati