Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
#ta'ziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax shahar "Imom Buxoriy" jome masjidi imom-xatibi Ma’rufxon domla Hoshimxonovning padari buzrukvori Muhsinxon eshon boboning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Ma’rufxon domlaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi ertaga, 27 iyul kuni soat 09:00 da Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi o‘z xonadonida o‘qiladi.
Manzil lokatsiyasi
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz