Nafsimiz muammo sabab goh tushar tushkunlikka,
Yechim bog‘ich yechgudek, o‘rin bormi mahzunlikka?!
Baxt nima? Saodat mol-dunyoda-mi yoki mansabda? Javoblar turli, lekin keling mana bu ayolning saodatiga bir nazar solaylik:
Er o‘z ayoli bilan janjallashib qoldi va: “Seni albatta baxtsiz qilaman!”, dedi. Ayol esa hotirjamlik bilan: “Bunday qila olmaysiz”, dedi. Er ajablanib dedi: “Nima uchun?” Ayol bunday javob berdi: “Agar baxt mol-mulkda bo‘lganida siz meni undan mahrum qilardingiz, agar zeb-ziynatlarda bo‘lganida ularni mendan olib qo‘yardingiz, lekin baxt siz yoki boshqa insonlar egalik qila olmaydigan narsada. Mening baxtim iymonimda, iymonim esa qalbimda. Qalbimga faqat Allohgina egalik qilishga qodir”.
Mana shu haqiqiy baxt, chinakam saodat – iymon ne’matidir. Bu baxtni faqatgina Allohning muhabbati qalbi, fikri va nafsining tub-tubiga yetib borganlargina his eta oladi. Bandalariga haqiqiy baxt-saodatni ato etuvchi yakkayu yagona bo‘lgan Zot Allohdir. Shunday ekan Unga itoat va ibodat etib saodatni so‘rang, baxtni U tomondan qidiring.
Ushbu saodatni topish esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan haqiqiy dinni o‘rganish bilan bo‘ladi. Kim ushbu yo‘lni anglasa unga chaylada uxlashi, qattiq joyda yotishi yoki bir burda non bilan kifoyalanishi ham dunyodagi eng baxtiyor inson bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Kim bu yo‘ldan adashsa uning umri mahzunlik va barcha narsadan mahrum bo‘lish bilan to‘lib ketadi.
Shu’la: To‘g‘ri, biz yashashimiz uchun mol-mulkka muhtoj bo‘lamiz. Lekin bu biz mol-dunyo uchun yashashimiz lozimligini bildirmaydi!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati