Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qatoda ibn Di’oma[1] ismli olim hikoya qiladi: “Basra shahrida Utba ibn Abon ismli zohid, taqvodor, mahzunlikda Hasan Basriyga o‘xshagan, doim ro‘za tutadigan kishi yashab o‘tgan bo‘lib, uning Misvar ismli keksa bir qo‘shnisi bor edi. Qo‘rquvi qattiqligidan Qur’onni tinglashga bardoshi yetmasdi. Agar uning oldida Qur’ondan bir-ikki oyat o‘qilsa, qattiq qichqirib, bir necha kun aqlini yo‘qotgandek yurardi. Bir kuni uning yoniga Xas’am qabilasidan bir kishi keldi. Yoniga o‘tirgach, Qur’oni karimdagi:
يَوْمَ نَحْشُرُ الْمُتَّقِينَ إِلَى الرَّحْمَنِ وَفْداً
“Taqvodorlarni Rohman huzuriga mehmon hay’ati etib to‘plagan kunimizda”
وَنَسُوقُ الْمُجْرِمِينَ إِلَى جَهَنَّمَ وِرْداً
“Jinoyatchilarni jahannamga chanqoq hollarida haydaymiz” (Maryam surasi, 85-86-oyatlar) oyatlarini o‘qidi. Buni eshitgan qariya “Men jinoyatchiman. Taqvodorlardan emasman. Ey qori, hozir o‘qigan oyatlarni yana o‘qi!” dedi. Boyagi kishi oyatlarni yana o‘qidi. Qariya baland ovozda baqirib, “Oh!” dedi-yu, omonatni topshirdi”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi
[1] Imom Ahmad rahimahulloh Qatoda haqida “Qur’on tafsiri va ulamolarning turfa xil qarashlarining bilimdoni edi” deganlar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimizda qabr ziyoratiga ruxsat berilgan, balki targ‘ib ham qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar. Chunki, u dunyodan qaytaradi va oxiratni eslatadi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisni qabr ziyoratiga ruxsat berish uchun asos qilib keltiradilar. Biroq ayollarning his-hayajonlari erkaklarnikidan farq qiladi. Shu bois kitoblarimizda ayollarning qabristonga borishi borasida bir necha xil fikrlarni uchratishimiz mumkin. Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi “Raddul muhtor” kitoblarida ushbu masaladagi turli qarashlarni keltirgach, ularning ortidan Xayruddin Ramliyning quyidagi so‘zlarini keltiradi:
“Agar ayollarning qabristonga borishi odatdagidek, yig‘lash, qayg‘ularni yangilash va o‘liklarni maqtab jar solish uchun bo‘lsa bu joiz emas. “Qabr ziyorat qiluvchi ayollarni Alloh la’natlasin”, ma’nosidagi hadis ham mana shunday ayollarga qarata aytilgan. Agar yoshi katta ayollar ibratlanish, yig‘i-sig‘i qilmay, o‘tganlarga rahmat so‘rash va solih insonlarning ziyoratidan tabarruk hosil qilish uchun borsalar, buning zarari yo‘q. Agar yosh ayollar bo‘lsa, ularning qabristonga borishlari xuddi masjidga borishlari kabi makruhdir”.
Alloma Ibn Obidiyn ushbu iboralarni keltirgandan so‘ng masalaga quyidagicha xulosa yasaganlar: “Xayruddin Ramliyning ushbu xulosalari mazkur masaladagi har-xil so‘zlarni go‘zal shaklda muvofiqlashtirish hisoblanadi” (“Raddul muhtor”).
Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dafn etilgan uyimga odatiy uy kiyimimni kiyib, nomahramlar oldida kiyadiganlarimni kiymay, kiraverar edim va «Birlari erim, birlari otam (Abu Bakr)ku!», der edim. Vaqtiki, u joyga Umar ham dafn etilgach, Allohga qasamki, qachon kirgan bo‘lsam, Umardan hayo qilib, albatta, kiyimboshimni bog‘lab kirganman» (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyallohu anhoga qabr ziyoratiga borishga izn berganlari va u yerga borganida qaysi duoni aytishi kerakligini o‘rgatganlari sahih hadisda kelgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tdilar. Shunda u zot unga: "Allohdan qo‘rq va (boshingga tushgan musibatga) sabr qil", dedilar. Ayol: "Nari tur! Mening boshimga tushgan musibatni qayerdan ham bilarding. Zero, seni boshingga tushmaganda", dedi. So‘ng odamlar ayolga bu zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam ekanini aytishdi. Shunda haligi ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylariga bordi va eshik oldida qo‘riqchilarni ko‘rmadi. Ayol: "Sizni tanimabman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Chinakam sabr musibatning dastlabki onlarida sabr qilishdir", deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ayolning qabr ziyoratiga borgani hamda qabr boshida turishiga e’tiroz bildirmadilar. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron ishga e’tiroz bildirmasalar bu o‘sha ishning joizligiga dalolat qiladi.
Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: "Mazkur hadisdagi dalolat o‘rni shuki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayolning qabr oldida o‘tirishiga tanbeh ber-masdan unga iqror bo‘lishlari bu ishning joizligiga hujjat bo‘ladi" ("Fathul Boriy").
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning qabr oldida shariatimizda ta’qiqlangan dod-voy solib yig‘lashiga tanbeh berdilar, xolos.
Demak, ulamolarimizning yuqoridagi so‘zlaridan yoshi katta ayollar erkaklarga aralashmagan holatda, satri avratga rioya qilib, yig‘i-sig‘i qilmay, ibratlanish maqsadida qabristonga borib o‘tganlarini ziyorat qilib, ularning haqlariga duo qilib kelishlari joiz ekani kelib chiqadi.
Muhammad Ayyub Faxriddinov,
Namangan shahri "Yusufxon o‘g‘li Qosimxon" jome masjidi imom noibi