Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2026   |   4 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2026, 4 Zulhijja, 1447
Maqolalar

Islom dunyoviy ilmlarni inkor qilmaydi!

19.05.2026   5955   15 min.
Islom dunyoviy ilmlarni inkor qilmaydi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Dunyoviy ilmlarni Islomdan ayirish dinimizga begona, ummatimizga xos bo‘lmagan holat! Islom ummati shar’iy ilmlarsiz hayot kechirolmaganidek, dunyoviy ilmlarsiz ham yashay olmaydi.

O‘tgan asrlarda musulmonlar “foydali ilm” tushunchasini noto‘g‘ri talqin qila boshlashdi. Ular ongiga faqat shar’iy ilmlar foydali degan fikr o‘rnashib qoldi. Aslida, dunyoviy ilm ham Kitob va sunnatda maqtalgan mutlaq ilmga kiradi. Biroq ba’zi insonlar diniy ilmlarda savob bor, dunyoviy ko‘rinishida esa yo‘q, deb tushunishdi. Keyinchalik “diniy ilm”, “dunyoviy ilm” degan iboralar paydo bo‘ldi.

“Dunyoviy ilmlar” degan termin ko‘pchilik dindorlarda Islomdan uzoqlashtiruvchi ilm degan tasavvur uyg‘otadi. Fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarga go‘yoki dindan chalg‘itish uchun o‘qitiladigandek munosabatda bo‘lishadi.

Bu vahimalar asossiz, botil xayollardir. Agar mo‘min niyatni to‘g‘ri qilsa, fizika, kimyo, biologiya kabi ilmlar orqali ham jannatga kirishi mumkin. Dunyoviy ilmlar musulmonlarni aziz qiladigan diniy ilmdir.

Payg‘ambarlarning ham turli xil kasblari bo‘lgan: Odam alayhissalom dehqon, Dovud alayhissalom temirchi, Nuh va Zakariyo alayhimussalom duradgor, Idris alayhissalom tikuvchi, Muso alayhissalom cho‘pon bo‘lganlar. Ular oxirat ishini ham, hissalom dunyo ishini ham barobar olib borganlar.

Umar roziyallohu anhu go‘zal ko‘rinishli kishilarni ko‘rsa, kasbi haqida so‘rar edi, kasbi bo‘lmasa, hurmati bo‘lmas edi (Fayzul qadir).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Qo‘lingizda ko‘chat bo‘lsayu, qiyomat qoim bo‘lib qolsa, imkon qadar ko‘chatni ekib qoling (Musnadi Ahmad, Adab al-Mufrad).

Dunyoda foydalana olmasa ham ko‘chat ekishga targ‘ib qildilar, bu dunyo ko‘rinishidagi diniy ish.

Keling, bu yog‘iga dunyoviy ilmlar iborasini ishlatmaymiz, o‘rniga hayotiy ilmlar deb ishlatamiz. Bu ilmlar hayotimiz farovonligi uchun Alloh bizga o‘rganishni buyurgan ilmlardir.

Hayotiy ilmlar yer obodligi, insoniyat manfaati, dinni oliy qilish, bu ummatni aziz qilish uchun yo‘naltirilsa, qanday ulug‘ ilm bo‘lishiga qat’iy hujjatlar va dalillar keltiramiz:

Birinchi dalil. Inson Allohning yerdagi o‘rinbosari ekanini unutib qo‘ydimi?!

Unutmadi, degan javob beriladi. Unday bo‘lsa, inson yerdagi hayot ilmini bilmay turib, qanday o‘rinbosarlik qiladi?!

Yerda “Allohning o‘rinbosari” bo‘lgan kishiga, Robbini tanish, Unga ibodat qilishi, zamin tabiatini o‘rganishi, undagi ne’matlardan bandalar manfaat topmog‘ini bilishi vojib. Alloh taolo aytadi: U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi (Xud surasi, 61-oyat).

Demak, “o‘rinbosarlik”ning asosiy shartlaridan biri yerni obod qilish, undagi ne’matlar bilan ehtiyojlarini qondirish ekan.

Alloh Odamni yaratdi, ilm bilan ulug‘ladi, qadrini baland qilib, farishtalarni unga sajda qildirdi. (Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o‘rgatdi (Baqara surasi, 31-oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo oyat tafsirida aytadi: “Hamma narsaning nomlarini, tog‘, daraxt, dengiz, xurmo, hayvonlar nomlarini o‘rgatgan” (“Tafsir Ibn Kasir”).

Alloh taolo Odam alayhissalomga yerda yashash uchun zarur bo‘lgan tabiat ilmlarini o‘rgatgan. Farishtalar tabiat ilmini bilishmagan, chunki ular yerda o‘rinbosar emas edilar. Ularda bu ilmlarga ehtiyoj ham yo‘q edi.

Odam alayhissalom shar’iy ilmlar bilan birga hayotiy ilmlarni ham bilardi. Inson hayotiy ilmga e’tiborsiz bo‘lsa, “o‘rinbosarlik” ishida qusurlik paydo bo‘ladi. Bu kamchilik dinini fahmlagan mo‘minga yarashmaydi.

Ikkinchi dalil. Alloh taolo shar’iy ilmlarni mukammal qilgan: “Ana, endi bugun Diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islom din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Din ilmi o‘zgarmas bo‘lib qoldi. Bu shar’iy ilm hukmidir. Ammo, hayotiy ilmlar mukammal emas, qiyomatgacha yangi-yangi kashfiyotlar chiqaveradi. Ba’zi ilmiy haqiqatlar yuz yillab yashaydi. Yangisi yuzaga chiqishi bilan avvalgisi tan olinmaydi. Alloh Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Toki ularga u (Qur’on)ning haq ekani aniq ma’lum bo‘lgunicha, albatta, Biz ularga atrofdagi va o‘z vujudlaridagi alomatlarimizni ko‘rsatajakmiz...” (Fussilat surasi, 53-oyat).

Oyat “ko‘rsatajakmiz” tarzida, ya’ni, kelasi zamonda kelgan, demak, hayotiy ilmlar tobora yangilanib boraveradi. Biz musulmonlar bu ilmlarni puxta o‘zlashtirishimiz kerak.

Uchinchi dalil. Ba’zi fiqhiy masalalar borki, faqihlar ularni halol yoki harom deyish uchun soha mutaxassislarining fikriga ehtiyoj sezadi. Demak, hayotiy ilmning mohir mutaxassisi ba’zi fiqhiy masalani yechishda yordam beradi. Shuningdek, yangi davrda yuzaga kelgan turli masalalarni yechishda iqtisodchi, ishbilarmonlarning hissasi bor.

Faqihlar mutaxassis fikrisiz hukm chiqarishsa, masalada biror shar’iy uzr bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy masalada iqtisodchiga, tibbiy masalada hoziq tabibga muhtojmiz.

Tibbiyotda shunday nozik nuqtalar borki, faqih ulamo ularni bilmasligi tabiiy. “Inson a’zosini boshqa insonga ko‘chirish”, “go‘zallik uchun amaliyot qilish”, “bachadonga bola urchitib qo‘yish” kabi zamonaviy tibbiy masalalarni faqih hoziq tabib bilan birga o‘rganishi lozim. Tibbiyotni insonga xizmati, faqihlarning to‘g‘ri fatvo chiqarishiga qo‘shgan hissasi jihatidan jannatga olib boruvchi fan desak, xato bo‘ladimi?!

Musulmonlar hayotiy ilmlarni egallab, Allohning shariatini chuqurroq anglaydilar. Allohning dinini Alloh yaxshi ko‘rgandek tatbiq qiladilar.

To‘rtinchi dalil. Hayotiy ilmlar Alloh taoloni tanishga yo‘ldir. Qur’oni karimda borliq haqida tafakkur qilishga yuzlab chaqiriqlar kelgan. Alloh taolo aytadi: “Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli “o‘lik” yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo‘yishida, shamollarni (turli tomonga) yo‘naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi itoatli bulutda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning qudratiga dalillar) bordir” (Baqara surasi, 164-oyat).

Shu kabi ko‘plab oyatlar kishini borliq haqida tafakkurga chaqiradi. Borliqni anglagan sari mo‘minning Allohga bo‘lgan iymoni ziyoda bo‘ladi. Olamlar Robbini yanada ulug‘laydi, buyukligini e’tirof etadi. Suv, nabotot, hayvonot, inson ilmlari Allohdan qo‘rqishga sabab bo‘ladi.

G‘arb olimi Eynshteyn borliqni tafakkur qilib “nisbiylik nazariyasi”ni kashf qilgandan keyin, Yaratuvchi borligini tan oldi: “Bu borliq ortida men bilmagan bir kuch bor”.

Beshinchi dalil. Hayotiy ilmlar oyatlar va sunnatni yaxshi anglashga xizmat qiladi. Qancha-qancha ixtiro va kashfiyotlar vahiyning mo‘jizaligini ochib berdi. Masalan, Naba’ surasining 6-7-oyatlarini olaylik: “Biz Yerni to‘shak qilib qo‘ymadikmi?! Tog‘larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?!”.

Bu ikki oyatni oldingi ulamolar ma’lum bir tushunchada sharhlagan, ilm-fan rivojlangandan keyin tamoman boshqa ma’noda talqin qilina boshladi.

Doktor Zag‘lul Najjor mazkur oyat tafsirida aytadi: “Alloh tog‘larni qoziq qilgani xabarini bermoqda. Bu esa bu baland tog‘lar yer litosferasining ichida uzun ildizi borligini bildiradi. Chunki qoziqning asosiy qismi yer tagida bo‘ladi, uning vazifasi chodirni mahkam ushlab turish bo‘lganidek, tog‘larning vazifasi ham yerni mahkam ushlab turishdir.

Bu haqiqatni zamonaviy ilm yaqinda kashf qildi, tog‘larning yer ostida ildizi uzun ekani aniqlandi. “Qoziq” so‘zi ilmiy jihatdan ham, lug‘aviy jihatidan ham zamon olimlari ishlatayotgan “ildiz” so‘zidan ko‘ra nozikroq ma’nolarni ifoda qiladi”.

Doktor Zag‘lul Najjor Angliyaning tibbiyot universitetida ma’ruza o‘qiydi. Ma’ruzadan so‘ng undan: Qiyomat yaqinlashdi. (Mana) oy ham bo‘lindi (Qamar surasi, 1-oyat) oyati Allohning Kitobidagi ilmiy mo‘jizasi bo‘la oladimi, deb so‘rashdi.

Doktor bu Qur’ondagi minglab mo‘jizalardan biri ekanini yaqinda fan ham isbot qilganini aytdi. Shunda bir angliyalik kishi so‘zlashga izn so‘rab, o‘zini tanishtirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u Dovud Muso Pedkok ismli kishi bo‘lib, u yuqoridagi oyat sababli musulmon bo‘lganini aytadi. Aytishicha, bir musulmon tanishi unga Qur’on ma’nolarining tarjimasini sovg‘a qilgan ekan. Qamar surasini o‘qigan Pedkok undagi Oy yorilgani haqidagi oyatga ishonmay Qur’onni yopib qo‘yadi. Kunlarning birida VVS kanalida amerikalik fazo olimlari ishtirokidagi ko‘rsatuvni ko‘rib qoladi. Unda olimlar Oyni o‘rganish tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa qator sohalarda yaxshi samara berganini aytishadi.

Jurnalist olimlardan: Oy rostdan yorilganmi? deb so‘raydi. Olimlar Oy yorilib, yana ulanganini e’tirof etadi. Pedkok darrov Qur’onni ochib, ilk o‘qigan, lekin ishonmagan oyatga qaraydi. Aynan o‘sha oyat uning musulmon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Albatta, Qur’on va sunnat ajoyibotlari tugamaydi. Biz bu ikki masdarning sirlarini ochadigan olimlarga muhtojmiz.

Oltinchi dalil. Alloh taolo musulmonlarni har bir sohada yetuk bo‘lishga buyuradi. Tabiiyki, ishni puxta biluvchilar peshqadam hisoblanishadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi vasallam aytadilar: Alloh har bir ishni go‘zal ado qilishga buyurgan… (Imom Muslim rivoyati).

“Har bir ish” deganda shar’iy ilmlarda ham, hayotiy ilmlarda ham peshqadam bo‘lish tushuniladi.

Alloh Kitobida boshliqlikni Tolutga berganini hikoya qiladi, buning sababini unga ilm va jismda ziyodalik bergani bilan izohlaydi. Tolutga berilgan ilm faqatgina shar’iy ilm emasdi. Unga qo‘mondonlik, siyosat kabi ilmlar ham berilgan edi. Tolut zamonida payg‘ambar ham bor edi, shubhasiz, u shar’iy ilmlarni vahiy orqali bilardi. Lekin qo‘shinni boshqarish uchun hayotiy ilmlarni biluvchi mutaxassis yuborildi. “Ularga payg‘ambarlari: “Alloh sizlarga Tolutni podshoh etib yubordi”, dedi” (Baqara surasi, 247-oyat).

Yusuf alayhissalomga Misrda vazirlik taklif qilinganda: “(Yusuf) dedi: “Meni shu yerning xazinaboni qilib qo‘y! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (o‘z ishini puxta) biluvchidirman (Yusuf surasi, 55-oyat).

Qarang, Yusuf alayhissalom katta amalga darhol rozi bo‘lmadi, balki qo‘lidan keladigan vazifani so‘ramoqda. U zotning “biluvchidirman” deyishi dinni yoki vahiyni emas, yer va dehqonchilik ilmlarini biluvchiman deganidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulug‘ sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhuni “Zotul salosil” yurishiga qo‘mondon qildilar. Vaholanki, qo‘shinda buyuk sahobalar ko‘p edi. Amr musulmon bo‘lganiga endi besh oy bo‘lgan, shar’iy ilmlarni boshqa sahobalarday bilmasa ham jang ilmini, o‘sha joy strategiyasini yaxshi bilardi. Payg‘ambar alayhissalom u haqida: “U jang mahoratini yaxshi bilgani uchun uni bosh qildim”, deganlar (Suyutiy, “Tarixi xulofo”).

Amr ibn Os bosh qo‘mondon qilib tayinlanishi Payg‘ambarimiz alayhissalom mukammal hayotiy ilmni qanchalar qadrlaganlari nishonasidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Qur’on tilovatini yetuk sahobalardan o‘rganishga buyurdilar. Jumladan: “Qur’onni to‘rt kishidan Ibn Ummu Abddan (Abdulloh ibn Mas’uddan), Muoz ibn Jabaldan, Ubay ibn Ka’bdan, Abu Huzayfaning mavlosi Solimdan o‘rganinglar” (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Mazkur to‘rt sahobiyni taqvoda, zuhdda peshqadamligi uchun emas, balki Qur’on ilmida mohirligi, qiroat turlarini yaxshi bilganlari uchun tavsiya qildilar.

Bilol roziyallohu anhuga azon aytish buyurilgani uning namozi, ro‘zasi uchun emas, balki ovozi baland va go‘zal bo‘lgani sababdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam azon kalimalarini tushida eshitgan Abdulloh ibn Zaydni muazzin etib tayinlamadi, balki unga: “Bu haq tushdir, Bilolga bu kalimalarni aytib tur, u azonni aytsin, u ovozi baland insondir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Shuningdek, tib ilmida ham eng mohir tabibdan davolash talab etiladi. Imom Molik rahimahulloh “Muvatto”da rivoyat qiladi: “Bir sahobiy jarohat oldi, Rasululloh Bani Anmordan ikki kishini chaqirtirdi, “Qaysi biringiz tabobatda mohirroqsiz?” deb so‘radilar. Ular: “Yo Rasululloh, tibbiyotda ham yaxshilik bormi?” dedi. U zot “Kasallikni tushirgan davosini ham tushirgan!” dedilar.

Ishini yaxshi bilmagan mutaxassis foyda berish o‘rniga zarar keltirib qo‘yadi. Fiqh kitoblarida aytilishicha, kasbini yaxshi bilmagan tabib bemorga ziyon yetkazsa, zararni o‘zi to‘laydi va javobgar bo‘ladi. Lekin hoziq tabib bemorni davolash jarayonida zarar yetkazsa, javobgar bo‘lmaydi va unga jazo berilmaydi.

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilinadi: Tibbiyotni yaxshi bilmay turib tabiblik qilgan shaxs zararni to‘lovchidir (Imom Abu Dovud,imom Nasoiy, imom Ibn Moja rivoyati).

Faqih, tabib, faylasuf Ibn Rushd aytadi: Tabib hoziq bo‘lsa, yetkazgan zararini to‘lamaydi: bemorni o‘ldirib yoki biror a’zosiga shikast yetkazsa ham. Tabib tabobatda no‘noq bo‘lsa, darra uriladi, qamab qo‘yiladi, xun to‘latiladi (Bidayatul mujtahid).

Yettinchi dalil. Islom ko‘rko‘rona taqlid qilish, dalil isbotlarga e’tiborsiz bo‘lishdan qaytaradi. Alloh taolo qo‘r-ko‘rona taqlid qilishni qoralab aytadi: “Ularga (mushriklarga): Alloh nozil etgan (oyatlar)ga ergashinglar! deyilsa, ular: “Yo‘q, biz otabobolarimizni ne uzra topgan bo‘lsak, o‘shanga ergashamiz, deydilar. Ota-bobolari garchi hech narsaga aqllari yetmaydigan va to‘g‘ri yo‘ldan yurmaydigan bo‘lsalarchi?! (Baqara surasi, 170-oyat).

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilamiz, yomonlik qilsa, yomonlik qilamiz, demanglar. O‘zlaringni yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga, yomonlik qilganlarga zulm qilmaslikka o‘rgatinglar (ImomTermiziy rivoyati).

Alloh insonni aql ne’mati bilan siyladi. Insonning hayvondan farqi ham shunda. Demakki, Islom aqa vositasi ila gumrohlikdan, mutaassiblikdan xalos bo‘lishga chaqiradi. Kimki tafakkur qilmasa, fikrlashdan to‘xtasa, Islomga xilof qilgan bo‘ladi.

Jorj Sarton aytadi: “O‘rta asrlarda musulmonlar haqiqatda ilmda peshqadam edi, eng noyob asarlar arab tilida yozilgan. VIII asrdan XI asrgacha ilm tili arab tili edi, ma’rifatli bo‘laman degan odam albatta bu tilni o‘rganar edi (Hasson Shamsiy Bosho. “Hakaza kanu yavma kunno).

Xulosa shuki, har bir sohada yetuk mutaxassis bo‘lishi kerak. Buning uchun ilm, mahorat, tajriba zarur. O‘z sohasini mukammal bilmaydigan kishi qanchalik taqvodor bo‘lmasin, undan maslahat olinmaydi, unga ishonch bildirilmaydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dehqonchilik, tibbiyot, tijorat, qo‘mondonlik va boshqa sohalarning bilimdonlarini qadrlaganlar. Aslida, Islom bizga shundan ham ta’lim beradi. Biroq, so‘nggi asrlarda dinni noto‘g‘ri tushunish va talqin qilish musulmon larni hozirgi vaziyatga solib qo‘ydi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qurbonlik: shartlari, odoblari va vaqti

21.05.2026   7462   7 min.
Qurbonlik: shartlari, odoblari va vaqti

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin

 

Qurbonlik lug‘atda “yaqinlashmoq”, “yaqin bo‘lmoq” ma’nolarini bildirib, istilohda bu so‘z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so‘yishni anglatadi.

Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilardilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ‘ib etardilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Har kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lsa-yu, qurbonlik qilmasa, vafotidan keyin majusiylar yoki nasroniylar qatorida tiriladi”, dedilar.

 

Qurbonlik tarixiga bir nazar

Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan bo‘lsada, lekin uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Qurbonlik qilishdan maqsad nima?

Qurbonlik qilishdan maqsad banda o‘zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so‘ygan hayvonning go‘shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (Haj surasi, 37-oyat).

Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko‘rsatadi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo‘ladi.

Allohga har qancha shukr qilsak, shuncha oz. Xolis Allohning O‘zi uchun ibodat qilib, namoz o‘qish, faqat Allohning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.

Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.

 

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.

1. Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib kofir unga ahl emas (Badoye’us sanoye’).

2. Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi (Al bahrur roiq).

3. Nisob egasi bo‘lish.

4. Muqim bo‘lish. Musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham. Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musofir zimmasiga qurbonlik vojib emas”.

 

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so‘yish bilan ado topadi:

Qo‘y (qo‘y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuyadir. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi.

Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilishlari mumkin. Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi shart.

Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To‘rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko‘zi ko‘rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho‘loqligi zohir cho‘loq va o‘rnidan tura olmaydigan o‘ta ozg‘in hayvon”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

 

Qurbonlik qilish vaqti

  • qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi.
  • hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi.

 

Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?

Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so‘yish orqali ado etiladi. Jonliqni so‘ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag‘ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir” (Badoye’us sanoye’).

 

Qurbonlik odoblari

Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:

Avvalo – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Boshqalar “ko‘rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo‘ladi.
Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi. Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sizlardan birortangiz qurbonlik qilishni iroda qilsa, sochiga va terisiga hech narsa tekkizmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.
To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zi so‘ymasdan, boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.
Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.
Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya qilish.

Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tamondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.

Alloh taolo qilayotgan har bir amalimiz qatorida ushbu qurbonliklarimizni ham O‘zining rizoligi uchun qilingan ibodatlar qatorida qabul aylasin!

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar