Sayt test holatida ishlamoqda!
21 May, 2026   |   3 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:44
Xufton
21:15
Bismillah
21 May, 2026, 3 Zulhijja, 1447
Yangiliklar

Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

20.05.2026   3470   1 min.
Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Shu yil 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Qurbon hayitiga ko‘riladigan tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.

ZOOM platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etilgan mazkur videoselektor yig‘ilishida Diniy idora tizimidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklarining bosh imom-xatiblari va  mutaxassislar ishtirok etdi.
 

Muhokamalar markazida ulug‘ ayyom — Qurbon hayiti namozlarini yurtimizda uyushqoqlik, yuqori tartib-intizom va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish masalalari turdi. Xususan, hayit namozi vaqtlarini belgilash, joylardagi masjidlarning bayram tadbirlariga shaylik holatini ko‘zdan kechirish, namozxonlar uchun xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilgan holda barcha qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.


Muqaddas dinimizning ezgu tamoyillariga muvofiq, ayyom arafasida mehr-muruvvat va saxovat tadbirlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada hududlardagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan dalda bo‘lish yuzasidan imom-xatiblarga tegishli topshiriqlar berildi.


Shu bilan birga, yurtimizdagi qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, tozalik ishlarini kuchaytirish hamda atrof-muhitni tartibga keltirish bo‘yicha uyushqoqlik bilan hasharlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida barcha hududiy vakilliklarga hayit tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va fuqarolarimizning ibodatlarini emin-erkin ado etishlarini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida

20.05.2026   4010   2 min.
Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu g‘oyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti ham g‘oyat muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol an’analari biz uchun kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qurbon hayitini ana shu jarayonlarga mos holda munosib nishonlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27 may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 27 may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

(a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangani;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–257-son Farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangani:

(i) ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026 yilning 28 may – payshanba, 29 may – juma kunlari;

(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30 may – shanba kuni.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

O'zbekiston yangiliklari