Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2026   |   4 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2026, 4 Zulhijja, 1447
Yangiliklar

Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi

20.05.2026   6803   2 min.
Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi

18 may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom sivilizatsiyasi tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur tadbir Markazning jahon islom merosini o‘rganish, asrab-avaylash va uni keng jamoatchilikka zamonaviy formatlarda namoyish etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Ko‘rgazmaning eng muhim jihaatlaridan biri — Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida YEXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida aniqlanib, O‘zbekistonga olib kelingan noyob madaniy boyliklarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda ochilganidir.

 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida bugungi kungacha qariyb 2 mingga yaqin madaniy boyliklar yurtimizga qaytarilgan bo‘lib, Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda.


Ko‘rgazmada islom olamining eng muqaddas maskanlari bilan bog‘liq, yuksak qadriyatga ega bo‘lgan nodir yodgorliklar namoyish etilmoqda. Ularning markaziy eksponatlaridan biri — 1880 yilga mansub, muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan tarixiy pardasi bo‘lmish “Burqa”dir.

 

Shuningdek, jamoatchilik e’tiboriga Ka’ba kisvasining bir qismi — “Xizom” hamda 1900 yilga oid Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i taqdim etildi. Ekspozitsiyadan Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich — “Mizob ar-Rahmon”, “Muhammad” va “Alloh” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar hamda 1793–1795 yillarda ko‘chirilgan, islom xattotlik san’atining nodir namunasi hisoblangan “Daloil al-xayrot” va “Al-hizb al-a’zam” asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham o‘rin oldi.


So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy merosni izlash va Vatanga qaytarish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida jahonning turli davlatlaridagi auksion uylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan yurtimizga oid osori-atiqalarni aniqlash va sotib olish ishlarini izchil davom ettirmoqda.

 

Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur taqdimot nafaqat markaz ekspozitsiyasini boyitadi, balki xalqimizning boy tarixi, ma’naviy merosi va bag‘rikenglik an’analarini keng targ‘ib qilishga, madaniy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish hamda yoshlarda tarixga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etildi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida

20.05.2026   10882   2 min.
Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu g‘oyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti ham g‘oyat muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol an’analari biz uchun kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qurbon hayitini ana shu jarayonlarga mos holda munosib nishonlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27 may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 27 may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

(a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangani;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–257-son Farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangani:

(i) ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026 yilning 28 may – payshanba, 29 may – juma kunlari;

(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30 may – shanba kuni.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

O'zbekiston yangiliklari