Bugun, 20 may kuni Jidda shahrida tashkil etilgan 50-yubiley haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Nufuzli tadbirda vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari, ekspertlar qatnashdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida “Haj - 2026” mavsumi ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni Podshohlik Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi. Jumladan, haj xizmatlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalari, tibbiy xizmatlar va hojilar xavfsizligiga oid chora-tadbirlarga urg‘u qaratdi.
Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi issiq kunlarga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, chodirlardan ibodat bilan band bo‘lish, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistonining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish juda muhim ekani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Anjuman doirasida davlatlarning haj ishlariga mutasaddi tashkilotlari rahbarlarining ham yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 80 dan ortiq davlatdan yuzlab olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizda bayramlar ko‘p, shodiyonalar bisyor. Har bir ayyomning o‘z shukuhi bor. Illo, Qurbon hayitining fayzi, futuhi, shodligi, xursandligi o‘zgacha. Chunki bu bayram har yili muhtaram Prezidentimizning «Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorlari asosida butun yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi.
Shu yil 20 may kuni qabul qilingan qarorga binoan bu yilgi Qurbon hayiti «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ezgu g‘oyani chuqur qaror toptirishda, mehr-muruvvat, xayru saxovat ishlari yana ham keng ko‘lam kasb etishida muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Bu yilgi muborak Qurbon hayitini har yilgidan ko‘ra o‘zgacha, ko‘tarinki nishonlanyapmiz. Chunki bu yil hurmatli Yurtboshimiz tashabbuslari bilan yurtimizda turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilgan va qilayotgan 100 nafar yurtdoshimiz “Prezident hojisi” sifatida Islomning beshinchi ruknini mukammal ado etyapti. Bunday ezgu ish tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitiladi.
Qurbon hayiti butun islom ummati uchun juda katta bayram. Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qur’oni karimda marahamat qilinadi: «Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!» (Kavsar surasi, 2-oyat).
Shuningdek, qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz Qurbon hayiti namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kim hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Faqihlarimiz qurbonlikning istilohiy ma’nosini ta’riflab, “Qurbonlik bu – maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, deganlar. Qurbonlik shariatga ikkinchi hijriy sanada kiritilgan. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit kuni tong otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan tugaydi. Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingach qilinadi.
Qurbonlik go‘shtining uchdan birini oila ahliga, uchdan birini qo‘shnilariga, qolganini muhtojlarga tarqatish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi. Terisini sotish yoki qassobning xizmat haqiga berish joiz emas. Mabodo sotilsa, puli kambag‘allarga ehson qilinishi kerak.
Johiliyat davrida Makka mushriklari qurbonlik qilib, go‘shtini Ka’ba atrofiga osib, devorlariga qonini surtar va bu bilan Allohga yaqin bo‘lamiz, deb o‘ylar edilar. Islom kelib, ko‘plab insonlar hidoyat nuridan bahramand bo‘lganlaridan keyin, Alloh taolo musulmonlarni qurbonlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima ekaniga e’tiborlarini qaratib, quyidagi oyati karimasini nozil qildi: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (Haj surasi, 37-oyat).
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozim. Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.
Husayn ibn Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qurbonlikni chin ko‘ngildan va savob umidida qilsa, u (qurbonlik) uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Odam bolasi qurbonlik kuni qiladigan amallarining ichida qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal yo‘q. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushmay turib, Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, deyilgan (Imom Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).
Qurbon hayiti – katta bayram. Bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan solih amallar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Aksincha, bayramni azaga, musibatga, mahzunlikka aylantirmaslik zarur.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlarning boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta’minlangan kishilardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.
Biz ham har bir ko‘ngilga bayram shukuhini olib kiraylik.
Qurbon bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi.
Makkai mukarrama shahri, Arafot vodiysi,
Hijriy 1447 yil, 10 Zulhijja