Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida mehr-muruvvat, xayriya va saxovat tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari joylarda bo‘lib, ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olmoqda hamda ularning ko‘ngillarini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shunday xayrli tadbirlardan biri Buxoro viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali rahbari, Buxoro shahridagi “Mohitobon” masjidi imom-xatibi Azizbek domla Ashurov boshchiligida hududdagi bir qator ehtiyojmand xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashildi.
Muruvvat tadbiri doirasida quyidagi xayrli ishlar amalga oshirildi:
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 50 ta ehtiyojmand oila vakillari uchun maxsus ehson dasturxoni yozilib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
Hududda istiqomat qiluvchi ko‘makka muhtoj oilalarning yashash joylariga bevosita tashrif buyurilib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan ozi-ovqat mahsulotlari to‘plami yetkazib berildi.
Saxovat tadbirlari davomida tashkilotchilar xonadon egalarini yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ ayyom — Qurbon hayiti bilan muborakbod etib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Bu kabi tadbirlar yurtimizda insoniylik, oqibat va mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati