Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2026   |   8 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:49
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2026, 8 Zulhijja, 1447
Yangiliklar

Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi

25.05.2026   1946   1 min.
Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi

Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida mehr-muruvvat, xayriya va saxovat tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari joylarda bo‘lib, ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olmoqda hamda ularning ko‘ngillarini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

 

Shunday xayrli tadbirlardan biri Buxoro viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali rahbari, Buxoro shahridagi “Mohitobon” masjidi imom-xatibi Azizbek domla Ashurov boshchiligida hududdagi bir qator ehtiyojmand xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashildi.

 

Muruvvat tadbiri doirasida quyidagi xayrli ishlar amalga oshirildi:

  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 50 ta ehtiyojmand oila vakillari uchun maxsus ehson dasturxoni yozilib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.

  • Hududda istiqomat qiluvchi ko‘makka muhtoj oilalarning yashash joylariga bevosita tashrif buyurilib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan ozi-ovqat mahsulotlari to‘plami yetkazib berildi.

 

Saxovat tadbirlari davomida tashkilotchilar xonadon egalarini yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ ayyom — Qurbon hayiti bilan muborakbod etib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Bu kabi tadbirlar yurtimizda insoniylik, oqibat va mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Buxoro viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi Qurbon hayiti arafasida saxovat tadbirlari o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Nega iymon keltirmaydilar?

25.05.2026   1376   2 min.
Nega iymon keltirmaydilar?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shuncha mo‘jizalarni ko‘rib ham ba’zi odamlar iymon keltirmaydilar. Ayrimlarga dinga bo‘yin egish yoqmaydi. Hamma narsa o‘zining xohishicha bo‘lishini istaydi. Alloh taolo o‘rnatgan adolat hammaga ham yoqavermaydi.

Iymon keltirmaydiganlar boshqalarning haqqini tortib olish evaziga bo‘lsa-da, huzur qilib qolishni ma’qul ko‘radilar. Buning uchun esa o‘zlariga mos qonun-qoidalar o‘ylab topadilar. O‘zlariga barcha imtiyozlarni berib, qolganlardan tortib olishga harakat qiladilar. Buning uchun esa avvalo Allohning borligini inkor etishlari kerak bo‘ladi.

Ayrimlar ne’matlarga ko‘milib yashasalar ham ne’mat bergan Zotni unutadilar. Mol-dunyolari qayerdan, qanday keldi, bu haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Nafs balosi ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygan bo‘ladi. Ular o‘zlariga ato qilingan ne’matlarning shukrini ado qilmaydilar, buni inkor etadilar.

Hamma narsaga o‘z kuchlari bilan erishganlarini, shuning uchun ham xohlagancha sarf qilishlarini aytib, aslida haqiqiy in’om qiluvchi bo‘lgan Allohni inkor etadilar. Ular moddiyatchi bo‘lsalar ham ularga aytadigan gapimiz bor: sizlar hech bir narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi deysizlar. Qo‘llaringizdagi mol-dunyoni o‘zingiz qo‘lga kiritganingizni aytasizlar. O‘z-o‘zidan mol-dunyo paydo bo‘lmaydi deysizlar. Lekin nega shu e’tiqodingiz butun borliqqa kelganda oqsaydi? Nega butun borliq ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emasligini anglamaysizlar? Aksincha borliqni shunchaki tasodifan paydo bo‘lib qolgan deysizlar.

Bunday kimsalar boshlang‘ich moddadan butun olam yaralgan va rivojlangan deydilar. Biroq o‘sha moddani kim yaratganini, qaysi kuch uni harakatga keltirganini o‘ylab ham ko‘rmaydilar.

Undaylar ko‘z o‘ngida ilohiy mo‘jiza sodir bo‘lsa ham iymon keltirmaydilar. Hatto g‘arb mamlakatlarida bugungi kunda ilm-fan bilan dinni ajratish holatlari kuzatilmoqda. Buning sababi uzoq davom etgan nasroniylik dinining ilm-fan bilan chiqisha olmagani bo‘lishi ham mumkin.

Cherkovlar yaqin-yaqingacha odamlarni ilm-fandan to‘sib kelgan. Hatto yahudiylarning muqaddas kitobida kelishicha Odam alayhissalom yeb qo‘ygan meva ma’rifat daraxtining mevasi bo‘lib, undan yeyish jinoyat sanalgan. Ya’ni ilm-fan bilan shug‘ullanish ularda gunoh sanalgan. Biror ilmiy kashfiyot qilganga Allohning qahri keladi deb bilishgan.

Mana shunday qarashlar sabab cherkov va olimlar o‘rtasida uzoq davom etgan va hozirgacha ta’siri bilinib turadigan urushlar yuzaga kelgan. Yevropada o‘n beshinchi asrlarda yerning sharsimon ekanligini aytgan odamlarni tiriklayin yoqishga hukm qilingan.

Ammo, Islom dinida bunday emas. Odam alayhissalom jannatda shaytonning vasvasasi bilan taqiqlangan mevani yeb qo‘yganlar. Natijada u yerdan quvilganlar. Shayton hozir ham dunyo matohlarini insonlarga ziynatlab ko‘rsatadi.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar