Shu yil 2-3 iyun kunlari Qashqadaryo viloyatidagi «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir G‘uzarov boshchiligida ustoz va talabalarning Samarqand va Toshkent shaharlariga ilmiy-ma’rifiy sayohati tashkil etildi.
Imom Buxoriy merosi va Hadis ilmi maktabi
Safarning ilk kunida jamoa Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, u yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Shundan so‘ng, Samarqanddagi Hadis ilmi maktabiga tashrif buyurildi. Rektor Barot Amonov hamda institut doktori Saloh Iso bilan o‘tgan ma’rifiy uchrashuvda talabalarga ilm olish odoblari, vaqt qadri va mutolaaning ahamiyati haqida qimmatli tavsiyalar berildi. Mehmonlar maktabdagi zamonaviy ta’lim sharoitlari bilan ham yaqindan tanishishdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Ilmiy safarning ikkinchi kuni poytaxtimizda davom etdi. Ustoz va talabalar muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy ekspozitsiyalari hamda ajdodlarimiz merosini targ‘ib etish borasidagi ishlarni ko‘zdan kechirishdi.
Yuqori kayfiyatda o‘tgan ushbu safar talabalarning ilmiy dunyoqarashini boyitish va o‘zaro tajriba almashishda muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati