Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Avgust, 2026   |   24 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:52
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:27
Shom
19:38
Xufton
21:08
Bismillah
07 Avgust, 2026, 24 Safar, 1448

Kechinma

09.06.2026   12206   2 min.
Kechinma

Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.


Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.


Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
 

Akbarshoh RASULOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

03.08.2026   12910   1 min.
Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

#xabar #Sirdaryo #sport

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.


Turnirda viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar ishtirok etib, sport mahorati va o‘zaro hamjihatlik ruhini namoyon etdilar.


Bellashuvlar do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamkasblar o‘rtasidagi o‘zaro ahillikni mustahkamlashga xizmat qildi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Xabibulloh domla Zokirov tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Sirdaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari