Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar maqsad va orzularingiz yozilgan kundaligingizni ko‘rsatsangiz, men sizga besh yildan keyin qayerda bo‘lishingizni yoki nima bilan shug‘ullanishingizni aytib bera olmayman. Ammo kundalik odatlaringizni ko‘rsatsangiz, besh yildan keyin qanday insonga aylanishingizni taxmin qila olaman.
Unutmang! Kelajak faqat maqsadlar bilan qurilmaydi. U har kuni takrorlanadigan kichik odatlar ipidan to‘qiladi.
Xulosa shuki, agar kelajagingizni bilmoqchi bo‘lsangiz, maqsadlaringizga emas, kundalik odatlaringizga e’tibor bering.
Har bir insonning o‘z maqsadlari bor. Kimdir 10 million so‘m topishni, kimdir 10 kilogramm vazn tashlashni, yana kimdir esa YouTubeda mashhur bo‘lishni orzu qiladi…
Biroq maqsadning o‘zi yo‘lni belgilamaydi. Yo‘lni kundalik odatlar belgilaydi. Masalan, 10 kilogramm ozishni istagan inson bunga faqat sog‘lom ovqatlanish va muntazam mashq qilishni odatga aylantirsagina erisha oladi.
Aksariyat odamlar esa bir necha kun tartibga amal qiladilar, keyin yana eski odatlariga qaytib ketadilar. Natijada, ularning maqsadlari devorga ilingan chiroyli rasmdek qolib ketadi. Chunki maqsad odatga aylanmadi.
Maqsad qo‘yish oson. Ammo odatni shakllantirish sabr, intizom va mehnat talab qiladi.
Odat bu – muntazam takrorlanadigan, vaqt o‘tishi bilan inson tabiatining bir qismiga aylanadigan xatti-harakatdir. Shunday darajaga yetadiki, uni deyarli o‘ylamasdan bajarasiz.
Aynan kundalik odatlar odamlar o‘rtasidagi eng katta farqni yuzaga keltiradi. Agar odatlaringizni yaxshilasangiz, maqsadlaringizga yaqinlashasiz.
Demak, har kuni odatlarimizni oz bo‘lsa-da, yaxshilashga intilishimiz kerak. Ana shu kichik, ammo barqaror qadamlar hayotimizda katta o‘zgarishlarni boshlaydi.
Biz har kuni yaxshiroq bo‘lishni tanlasak, kelajagimiz ham shunga yarasha go‘zal bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qanday amal Alloh uchun eng mahbubdir?”, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Oz bo‘lsa ham, davomlisi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Sizning qanday maqsadlaringiz bor? So‘nggi kunlarda qaysi maqsadlaringizga erishish uchun harakat qilyapsiz?
Davron NURMUHAMMAD
Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.
Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.
Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.
Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.
Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.
Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan