Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi

06.07.2026   27010   4 min.
Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi

Shu yil 4 iyul kuni Toshkent shahridagi “Hilol-nashr” nashriyotida diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan, jonkuyar ulamo, fidoiy inson, Toshkent viloyati vakilligida bosh imom-xatib vazifasida xizmat qilgan, dinimizning rivojiga, Vatanimizning ravnaqiga, masjidlarimizning obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan yetuk din peshvosi Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘li (Turmatov)ning xotirasiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
 

Tadbir Qur’oni karim tilovati va o‘tganlar haqqiga xayrli duolar bilan boshlandi. 


Xotira tadbirini Ismoil domla Muhammad Sodiq ochib berib, zabardast olim Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘lining qilib o‘tgan xizmatlarini yosh avlodga namuna o‘laroq tanitish, o‘tganlarini xotirlash ezgu amallardan ekanini aytib o‘tdi. So‘ngra ustoz Xayrulloh domla rohimahullohning hayotiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.


Rahmatli Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘li Turmatov 1976 yili Toshkent viloyati Angren shahrida tavallud topgan. 2001 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom oliy ma’hadini, 2003 yilda esa Toshkent davlat pedagogika institutini bitirgan.


Xayrulloh domla mehnat faoliyatini 1994 yilda Ohangaron tumanidagi “Chet Suv” jome masjidida imom-xatiblikdan boshlab, ushbu masjidda 2003 yilga qadar xizmat qilgan. Bir vaqtning o‘zida Ohangaron tumanidagi 20 maktabda o‘qituvchilik ham qilgan.


2003 yildan 2014 yilgacha Angren shahridagi “Qorabog‘” jome masjidi imom-xatibi va Angren shahri bosh imomi bo‘lib ishlagan.


2014 yildan to vafotlariga qadar Toshkent viloyati bosh imomi hamda “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi lavozimida barakali faoliyat ko‘rsatgan.


Xayrulloh domla Turmatov rahimahulloh 2020 yil COVID-19 vabosidan og‘ir xastalanib, 16 sentyabrda vafot etdi.


Ustoz Xayrulloh domla millat va ma’rifat fidoiysi edi. U kishi qisqa umrlari davomida barchamizga ibrat bo‘ladigan amallarni qilib, o‘zlaridan xayrli ishlar va solih farzandlar qoldirib ketdilar.


Fayzli tadbirga yurtimizning peshqadam ulamolari, ahli ilmlar, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shogirdlari, ustoz Xayrulloh domlaning safdoshlari, jumladan, ustoz Abdulhakim qori Matqulov, Abdulmalik domla Malikov, Muhammad Shokir domla Turdibekov, Qudratulloh domla Sidiqmetov, Nurali domla Mavlanov, Yahyoxon domla Boboxonov va boshqa notiqlar Xayrulloh domlaning ibratli hayot yo‘llari va yurtimizda islom ma’rifatini yoyish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof qilib, xotirladilar.


Xususan, u zotning ilmga, zikrga bo‘lgan muhabbatlari, azimat va oliy himmatliklari, shogirdlar tarbiyasidagi zahmatlari, fidokorliklari, insoniy fazilatlari va odoblari yodga olindi.


Tadbir jarayonida ustoz Xayrulloh domlaning “Hazratni xotirlab ko‘rsatuvi uchun bergan suhbatlaridan parcha, domlaning masjidlarda qilgan pand-nasihatlari hamda “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida qilgan suhbatlaridan videolavha taqdim etildi.


Shuningdek, tadbir davomida ustozning farzandlari, jumladan, Angren shahrining bosh imom-xatibi Nizomiddin qori Xayrulloh o‘g‘li, “Qorabog‘” jome’ masjidi imom-xatibi, domlaning tog‘alari Faxriddin domla Umirov va boshqa qavm-qarindoshlari, ahllari domla haqlarida har bir shaxs uchun tatigulik bo‘lgan muhim tavsiyalarni xotirladilar.


Darhaqiqat, Xayrulloh domla Toshkent viloyatining imom-xatiblari, imom noiblari, jome’ masjidlardagi har bir mas’ul xodimlarga hamda qalblari Allohning baytiga bog‘langan qadrli qavmlariga ehtiromi baland va yuksakligini ko‘rishimiz mumkin.  U kishi butun faoliyati davomida yurtimizdagi ko‘plab jome masjidlarini obod va ko‘rkam qilish, namozxonlar uchun zamonaviy, qulay ibodat sharoitlarini yaratish yo‘lida tinim bilmay mehnat qilgan edi.


Tadbir so‘nggida Qur’oni karim tilovat qilinib, Xayrulloh domla rohimahullohning haqlariga xayrli duolar qilindi.


Tilovatni Nizomiddin qori Xayrulloh o‘g‘li o‘qidi, duoni ustoz Abdulhakim qori Matqulov hazratlari qilib berdi.


Tadbirni Qamariddin Bekmuhammad olib bordi hamda barcha ishtirokchilarga ehson dasturxoni yozildi.


Alloh taolo ustoz Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘lini O‘z mag‘firatiga olsin, chekkan dardlarini gunohlariga kafforat aylasin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi Marhum ulamo ustoz Xayrulloh domla Turmatov xotirlandi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   11190   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari