Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM
Fan tarixi kamdan-kam hollarda faqat kashfiyotlar tarixidan iborat bo‘ladi. Uning zamirida olimlarning nomlari, asarlar sarlavhalari va astronomik jadvallar ortida institutlar, ta’lim amaliyoti, homiylik tizimlari, ilmiy muloqot tillari va, nihoyat, jamiyatning bilimga munosabati turadi. Shuning uchun Markaziy Osiyoning ilmiy merosi haqidagi masala bugun faqat o‘tmish masalasi hisoblanmaydi. Zamonaviy O‘zbekiston uchun bu masala tobora kelajak masalasiga aylanib bormoqda, xabar bermoqda iccu.uz.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tarixiy-ilmiy merosni, ta’lim va fanni rivojlantirish, inson kapitali hamda innovatsiyalar o‘zaro bog‘liq holda qaraladigan davlat siyosati tizimi shakllandi. 2030 yilgacha fanni rivojlantirish konsepsiyasi ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, yosh tadqiqotchilarni tayyorlash hamda ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi inson salohiyati, ta’lim, fan va boshqa sohalarni rivojlantirishni uzoq muddatli va o‘lchanadigan milliy maqsadlar tizimiga kiritadi.
Shu nuqtayi nazardan olsak, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ayniqsa muhim misoldir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur markaz zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda ilmiy tadqiqotlarni islomgacha bo‘lgan va islom davri madaniy merosi bilan uyg‘unlashtiruvchi xalqaro ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida ish yuritmoqda. Shu tarzda prinsipial jihatdan yangi masala yuzaga keladi: tarixiy meros faqat saqlash va milliy g‘urur obyekti emas, balki bilim madaniyatini, inson kapitalini va davlat taraqqiyot strategiyasini shakllantirish resursiga aylana oladimi?
Bu savolga javob berish uchun «buyuk ajdodlar» haqidagi an’anaviy hikoyalar doirasidan chiqish zarur. Ilmiy merosdan aynan nima ibrat va xulosa olishimiz kerak — muayyan bilimlar, nomlar va kashfiyotlarnimi yoki bilimni yaratish, uzatish va qo‘llashning yanada chuqur madaniyatinimi?
Markaziy Osiyo — bilimlar harakati makoni
O‘rta asrlar fani haqidagi ommaviy tasavvurlarda uchraydigan barqaror xatolardan biri — uni alohida milliy yutuqlar majmui sifatida tasavvur qilishdir. Markaziy Osiyo intellektual madaniyati tarixi esa butunlay boshqacha manzarani namoyon etadi. Ya’ni ilmiy yuksalishni «daholar paydo bo‘ldi» degan formula bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino yoki keyingi davr olimlarining yetishib chiqishi uchun bilimlar ko‘chishi, tarjima qilinishi, muhokama etilishi, tanqid qilinishi va keyingi avlodga uzatilishi mumkin bo‘lgan muhit zarur edi.
Bu holatning zamonaviy davr uchun ham bevosita ahamiyati bor. Agar o‘tmishda ilm-fan bilim infratuzilmasi tufayli rivojlangan bo‘lsa, zamonaviy milliy ilmiy yuksalish ham infratuzilmasiz — universitetlar, laboratoriyalar, kutubxonalar, arxivlar, raqamli ma’lumotlar bazalari, tadqiqot markazlari, xalqaro aloqalar va yosh olimlarni tayyorlash tizimlarisiz — mumkin emas.
Shunday ekan, Markaziy Osiyoning tarixiy tajribasini ba’zi muhim savollar uchun tarixiy material sifatida ko‘rish mumkin: jamiyatni yangi bilim yaratishga qodir qiladigan ijtimoiy va institutsional sharoitlar qanday shakllanadi? Tarixiy meros inson taraqqiyotiga qanday ta’sir qiladi?
Tarixiy xotiradan – inson kapitali sari
Ta’kidlash kerak, buyuk ajdodlar haqidagi bilimning o‘zi olimlarni yaratmaydi. Ulug‘bekning ismini bilish - hali astronomiya bilan shug‘ullanish degani emas. Ibn Sino bilan faxrlanish ilmiy maqola o‘qishni anglatmaydi. Beruniy bilan g‘ururlanish manbalar bilan tanqidiy ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishni kafolatlamaydi. Shuning uchun natijaga sig‘inishdan metod madaniyatiga o‘tish muhim.
Yoshlarga faqat «Beruniy buyuk olim bo‘lgan», deb uqtirish emas, balki u qanday tadqiqotlar qilganini anglatish kerak.
«Ulug‘bek rasadxona qurgan», deyish bilan cheklanmasdan, “nega jamiyatga fundamental fan kerak” degan savolga javob topib berish zarur. Bu — ta’lim strategiyasiga oid masala. Bunday yondashuvda tarixiy xotira g‘ururni yakuniy maqsad sifatida emas, balki intellektual faoliyatga kirish eshigi sifatida qo‘llash vositasiga aylanadi.
Buyuk nomlardan ilmiy tafakkur madaniyati sari
Jamoatchilik ongida ilmiy meros ko‘pincha buyuk shaxslar timsolida namoyon bo‘ladi. Xorazmiy — matematika va algoritmlar, Ibn Sino — tibbiyot va falsafa, Beruniy — tabiiy fanlar va madaniyatlarni o‘rganish, Ulug‘bek merosi esa astronomiya bilan bog‘lanadi. Biroq merosni strategik jihatdan anglash uchun buning o‘zi kifoya emas.
Abu Rayhon Beruniy misoliga murojaat qilaylik. Encyclopaedia Iranica manbalari uni matematika, astronomiya, geografiya, mineralogiya, farmakologiya, tarix va dinlar tarixi kabi sohalarda faoliyat yuritgan buyuk qomusiy olim sifatida tavsiflaydi. Yana bir muhim jihat shundaki, u o‘z intellektual faoliyatida arab ilmlari bilan bir qatorda yunon matematik-astronomik an’anasini ham o‘rgangan.
Uning Hindistonga munosabati yanada ibratlidir. Zamonaviy tadqiqotlar Beruniy hind astronomiyasi haqidagi bilimlarga, jumladan, sanskrit tilidagi matnlarning arabcha tarjimalari orqali ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtayi nazardan Beruniy XXI asr uchun faqatgina «Xorazmdan chiqqan buyuk olim» emas. U ma’lum bir tadqiqotchilik xulq-atvorini namoyon etadi. Beruniy o‘zgalar madaniyatini o‘z intellektual mezonlari asosida o‘rganishga intilish, turli bilim tizimlarini qiyoslash, kuzatish, tavsiflash, manbalarni tanqidiy tahlil qilish va fanlararo yondashuv namunasiga aylanadi. Demak Beruniy merosidan naf olish — uning xulosalarini takrorlash emas, balki noma’lum narsani tanqidiy tafakkurdan voz kechmagan holda o‘rganish qobiliyatini saqlash demakdir.
Ulug‘bek va bugungi voqelik uchun ham nihoyatda dolzarb juda muhim tamoyil haqida
Mirzo Ulug‘bek misoli ham bundan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega. Samarqandda u observatoriya barpo etdi va u mintaqa tarixidagi eng mashhur ilmiy inshootlardan biriga aylandi. Metropoliten san’at muzeyi uni Ulug‘bekning ilm-fan va astronomiyaga bo‘lgan qiziqishining yorqin dalili sifatida baholaydi.
Biroq Ulug‘bekning ahamiyati faqat binoda yoki kuzatuv natijalarida emas. Encyclopaedia Iranica uning turli ilmiy markazlar o‘rtasidagi harakati bilimlarning keyingi tarqalishiga xizmat qilganini ko‘rsatadi. Ya’ni Samarqand observatoriyasi bilan bog‘liq olimlar orasida Ali Qushchi ham bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin ilmiy faoliyatini boshqa intellektual markazlarda — Tabriz va Istanbulda davom ettirgani bunga yaqqol isbot bo‘la oladi. Shu ma’noda Ulug‘bek observatoriyasini zamonaviy tilda ilmiy infratuzilma va ilmiy maktabning tarixiy namunasi sifatida ko‘rish mumkin. Qayd etish joiz, bunday yondashuv natijasida masala faqat o‘tmishdagi kashfiyotlar qanchalik buyuk bo‘lganida emas, balki olimlar uchun sharoitni kim yaratgan, ilm qanday moliyalashtirilgan, mutaxassislar qayerda tayyorlangan, natijalar qanday tarqatilgan va siyosiy qo‘llab-quvvatlash o‘zgarganidan keyin ilmiy maktab bilan nima sodir bo‘lgan? degan savollarga borib taqaladi. Zero, mazkur savollar bugungi voqelik uchun ham nihoyatda dolzarb. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g‘oyasi zamiridagi asl mazmun-mohiyat ana shunda. Ya’ni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy konsepsiyasi an’anaviy muzey tamoyilidan ko‘ra ko‘proq ilmiy tadqiqot makoni sifatida majburiyatni oladi. Shu nuqtayi nazardan Markaz nafaqat tarixni saqlovchi, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi ilmiy tadqiqot maskani sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Ya’ni bu institutsional vazifa sifatida muhimdir.
Chunki odatda an’anaviy muzey birinchi navbatda, “nima sodir bo‘lgan?”, degan savolga javob beradi. Tadqiqot markazi esa, “bu qanday sodir bo‘lgan?”, degan savolni qo‘yadi. Ta’lim markazi – “bu bizga nimani o‘rgatishi mumkin?”, deb so‘raydi. Strategik institut esa, “olingan bilim kelajakni qanday o‘zgartirishi mumkin?”, deya murojaat qiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu to‘rt savolni birlashtirishga harakat qilmoqda. U bir nechta funksiyalarni birlashtiruvchi tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yerda muzey, kutubxona, qo‘lyozmalar xazinasi, tadqiqot markazi, ta’lim maydoni, raqamli platforma va xalqaro forum uyg‘unlashgan. Aynan shunday ko‘p funksiyalilik bilimlar iqtisodiyotining zamonaviy modeliga mos keladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, uning tarkibida 3100 kvadrat metrdan ortiq maydonga ega, qariyb 300 nafar o‘quvchi va tadqiqotchiga mo‘ljallangan kutubxona mavjud bo‘lib, uning tasarrufida noyob nashrlar, kolleksiyalar va katta elektron fond bor.
Markazga tashrif buyuruvchiga oddiy eksponatlar to‘plami emas, balki tarixiy vaqtning muayyan mantig‘i – sivilizatsiya – bilim – madaniy yuksalish – zamonaviylik – kelajak mantig‘ini taklif etiladi.
Xulosa
XXI asrda milliy merosni faqat yodgorliklar, qo‘lyozmalar va buyuk ajdodlar nomlarining majmui sifatida tushunish mumkin emas. Uning haqiqiy qiymati bugungi kunda qanday ta’sir va harakat uyg‘otayotgani bilan belgilanadi.
Agar u faqat g‘urur hissini uyg‘otsa — u xotira bo‘lib qoladi. Ilmiy tadqiqot obyektiga aylansa — bilimga aylanadi. Ta’limga tatbiq etilsa – inson kapitaliga aylanadi. Agar inson kapitali yangi bilim yaratsa — meros taraqqiyot resursiga aylanadi.
Shuning uchun O‘zbekistonning ilmiy merosga zamonaviy murojaatini tarixni ommalashtirishga qaratilgan navbatdagi kampaniya sifatida emas, balki sivilizatsion xotira bilan zamonaviy bilim siyosati o‘rtasidagi bog‘liqlikni shakllantirishga qaratilgan kengroq jarayon sifatida ko‘rish lozim.
Islom sivilizatsiyasi markazi bu o‘zgarishni ayniqsa yaqqol namoyon etadi. Uning rasmiy vazifasi tarixiy merosni tadqiqot, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro ilmiy muloqot bilan bog‘lashni nazarda tutadi. Markaz o‘tmish bilan Yangi O‘zbekistonni bog‘lovchi ko‘prik sifatida talqin etilmoqda.
Biroq ushbu siyosatning yakuniy natijasi binolar ko‘lami yoki eksponatlar soniga bog‘liq bo‘lmaydi. Natija bilimga munosabatning yangi madaniyatini — tadqiqotchi-tarixchi va kelajak muhandisi, qo‘lyozma mutaxassisi va sun’iy intellekt dasturchisi, tarixchi va biotexnolog bir yagona milliy loyihaning ishtirokchilariga aylanadigan madaniyatni shakllantirishga bog‘liq bo‘ladi.
Shu ma’noda Uchinchi Renessans formulasi aniq mazmun kasb etadi. Uni Birinchi va Ikkinchi Renessanslarni eslash orqali qurib bo‘lmaydi. Beruniy, Ulug‘bek yoki Ibn Sinoni «takrorlash» ham mumkin emas. Ammo tadqiqot, ta’lim, intellektual erkinlik, fanlararo yondashuv va bilimni jamiyat manfaatiga aylantirish qobiliyati yuksak qadrlanadigan jamiyatni barpo etish mumkin.
Shunda milliy meros siyosati oldidagi asosiy savol - «Ajdodlarimiz bizga nimani qoldirgan?» emas, balki ancha mas’uliyatli savolga aylanadi.
Bu savol esa «Biz ular qoldirgan meros bilan nima qilamiz — va bizdan keyin keladigan avlodlarga qanday intellektual meros qoldiramiz?» tarzida yangraydi. Aynan shu nuqtada o‘tmishni o‘rganish kelajak strategiyasiga aylanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati