O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati