Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan Xorazm viloyatida o‘tkazilgan respublika diniy soha xodimlarining ilmiy-amaliy seminarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev imom-xatiblar va imom-noiblar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yoshlar tarbiyasi, masjidlar faoliyatini takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish, diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, imom-xatiblar faoliyatini raqamlashtirish,MUFTIY.UZ platformasidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish hamda chekka hududlardagi masjidlarni zamonaviy kompyuter va printerlar bilan ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati