Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
2026 yil 24 noyabr kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Islom moliyasi bo‘yicha shariat olimlarining XXI xalqaro forumi — ISSF2026 o‘z ishini boshladi.
Mazkur xalqaro tadbirda Toshkent islom instituti vakillari ham ishtirok etmoqda.
Jumladan, institutning «Aqoid va fiqhiy fanlar» kafedrasi mudiri S. Primov, kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi S. Masayitov, institut katta o‘qituvchisi A. Homidov, kafedra katta o‘qituvchilari M. Jo‘rayev, Ya. Razzoqov hamda «Hadis va islom tarixi fanlari» kafedrasi katta o‘qituvchisi R. Maxsumxonov forumda qatnashmoqda.
Joriy yilgi forum «Zamonaviy islom moliyasi amaliyotlarini “Muqtado al-aqd” va “Maqsud al-aqd” nuqtayi nazaridan tanqidiy tahlil qilish» mavzusiga bag‘ishlangan.
Forumda xalqaro miqyosdagi nufuzli shariat olimlari, islom moliyasi sohasi mutaxassislari, iqtisodchilar, huquqshunoslar, tartibga soluvchi tashkilotlar vakillari hamda akademik doiralar namoyandalari jam bo‘lgan.
Anjumanning asosiy e’tibori zamonaviy islomiy moliyaviy mahsulotlar va amaliyotlarning shariat talablari, shartnomalarning huquqiy mohiyati va ko‘zlangan maqsadlariga muvofiqligini tahlil qilishga qaratilgan.
Xususan, forum doirasida «Muqtado al-aqd» (shartnomadan kelib chiqadigan huquqiy taqozolar) va «Maqsud al-aqd» (shartnomadan ko‘zlangan maqsadlar) tushunchalarining nazariy asoslari, ularning o‘zaro munosabati, moliyaviy shartnomalarning shakli va mazmun-mohiyati o‘rtasidagi uyg‘unlik, shuningdek, shariat maqsadlarini zamonaviy moliyaviy amaliyotlarga tatbiq etish masalalari muhokama qilinadi.
Tadbir doirasida ilmiy ma’ruzalar, munozaralar va tajriba almashinuvi orqali islom moliyasini shariat tamoyillari va maqsadlariga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilarining mazkur nufuzli xalqaro anjumanda ishtiroki ularning zamonaviy islomiy moliya, fiqh va shariat tadqiqotlari borasidagi bilim va tajribalarini boyitish, xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda ilg‘or tajribalarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
TII Matbuot xizmati