Til shunchaki muomala va muloqot vositasi emas. U insonga Alloh taboraka va taoloning ato etgan eng ulug‘ ilohiy ne’matlaridan biridir. Qur’oni karimda insonning yaratilishi va unga bayon, ya’ni so‘zlash, fikr, ifodalash ta’lim berilganini alohida ta’kidlanadi: «Ar-Rohman. Qur’onni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi» («Ar-Rohman» surasi, 1–4-oyatlar).
Islom aqidasiga ko‘ra, dunyodagi rang-barang tillar va lahjalar Alloh taoloning cheksiz qudrati va hikmatini ko‘rsatuvchi oyat-dalillardir. Yer yuzida turli millat va elatlarning mavjudligi, ularning o‘z tiliga ega ekani tasodif emas, balki Ilohiy irodaning go‘zal ifodasidir. Bu haqda ilohiy kalomda bunday marhamat qilinadi: «Va Uning oyatlaridan (qudrati dalillaridan) osmonlar va yerning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishidir...» («Rum» surasi, 22-oyat).
Ona tili har bir xalqning o‘zligi, ma’naviy qiyofasi va ruhiy dunyosini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Har bir payg‘ambar o‘z qavmiga tushunarli bo‘lishi uchun aynan o‘z xalqining tilida yuborilgan. Bu haqda ham Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Biz har bir payg‘ambarni o‘z qavmi tili bilan yubordik, toki ularga (ilohiy hukmlarni) bayon qilib bersin» («Ibrohim» surasi, 4-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinadiki, til – dinni, ezgulikni va haqiqatni yetkazishning eng muhim vositasidir. Tilni asrash va uni rivojlantirish – Alloh bergan omonatni asrash bilan tengdir.
Islom dini nafaqat tilning kelib chiqishi va qadriga, balki undan foydalanish odobiga ham juda katta e’tibor beradi. Musulmon kishining tili faqat yaxshilik va ezgulik taratadigan vosita bo‘lishi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, faqat xayrli (yaxshi) so‘zlarni so‘zlasin yoki sukut saqlasin» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tili asrlar davomida Islom ma’rifati, tasavvuf hikmatlari va yuksak axloq bilan sug‘orilgan. Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ allomalarimiz bu tilni eng yuksak maqomlarga ko‘targanlar. Navoiy hazratlari ta’kidlaganlaridek: «Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz», o‘z ona tilini hurmat qilmaydigan, uni e’zozlamaydigan kishilar eliga, millatiga e’tiborsiz bo‘ladilar. Bunday kimsalar til, millat, vatan tushunchalarining asl mohiyatini, qadr-qimmatini hech qachon anglab yetolmaydilar. Shu o‘rinda Islom nuqtayi nazaridan tilni toza saqlash qanday odoblarni talab etishi masalasiga to‘xtalib o‘tsak. Zero, bu odoblar barchamiz uchun juda zarur, chunki ularning zamirida ona tiliga hurmat-e’tibor masalasi yotadi. Bu odoblarning asosiylari quyidagilardir:
1. So‘zni poklash, ya’ni tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, so‘kinish va behayo so‘zlardan asrash.
2. Til sofligini saqlash – millat tilini begona, axloqqa zid va mazmunsiz iboralar bilan buzmaslik.
3. Payg‘ambar sunnatiga ergashish: Nabiy alayhissalom so‘zlaganda juda aniq, tushunarli va shirinso‘zlik bilan, tinglovchiga ozor bermay so‘zlar edilar.
Shuni unutmaslik kerakki, milliy o‘zlikni anglash ona tili va kelajak oldidagi mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi. Ona tilini sevish, uni e’zozlash va keyingi avlodlarga sof holida yetkazish – har bir insonning vatanparvarlik va ma’naviy burchidir. Islom ta’limotida Vatanni sevish va uning qadriyatlarini asrash iymonning go‘zal ko‘rinishlaridan sanaladi. Til esa Vatanning ma’naviy chegarasidir. Bu chegarani qo‘riqlash Vatan sarhadlarini qo‘riqlash kabi muhim va sharafli ishdir.
Bizning o‘zbek tilimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi dunyoga mashhur allomalar yurtida shakllangan va boyigan tildir. Bu tilda qanchadan-qancha ilmiy va diniy asarlar bitgan, hikmatlar aytilgan. Agar biz o‘z tilimizni unutsak yoki unga beparvo bo‘lsak, o‘z milliy ildizlarimizdan va boy ma’naviy merosimizdan uzilib qolamiz. Tilni asrash, uni yosh avlodga pok, mukammal va go‘zal ko‘rinishda meros qoldirishimiz uchun quyidagi harakatlarni qilishimiz zarur.
Oilada ona tili muhitini mustahkamlash, ya’ni farzandlarimizga yoshligidan ona tilimizning nafosatini, boyligini va go‘zalligini singdirish.
Ilm va ma’rifat tiliga aylantirish, ya’ni zamonaviy fan, texnologiya va Islom ma’rifatini ona tilimizda keng targ‘ib qilish va asarlar tarjima qilish.
So‘z mas’uliyatini his qilish, ya’ni har bir yozilgan va aytilgan so‘z uchun Parvardigor oldida javobgar ekanimizni unutmaslik.
Biz bugun shunga ahamiyat bermog‘imiz lozimki, til bayrami – bu shunchaki bayram sanasi emas, balki Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’matdir. Unga shukronalik bildirish va o‘zlikni anglash kunidir. Ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligi va jozibadorligini saqlash, tilimizda ezgu va xayrli so‘zlarni so‘zlash har birimizning insoniy va diniy burchimizdir.
Alloh taolo ona tilimizning qadri va maqomini hamisha baland qilsin, yurtimizni ma’rifat va tinchlik nuri bilan munavvar aylasin!
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari,
Ulamolar kengashi a’zosi.
Bugun, 10 noyabr kuni Buxoro shahridagi qadimiy va tabarruk ilm maskani – Mir Arab oliy madrasasida “Globallashuv davrida sof aqida va tasavvuf masalalari” mavzusida xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik anjumanda mahalliy va xorijlik yetakchi ulamolar, islomshunos olimlar hamda diniy soha mutaxassislari jam bo‘lib, bugungi kunning eng dolzarb muammolari va ularning ilmiy-amaliy yechimlarini muhokama qildilar.
Konferensiya avvalida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, professor Davron Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Tatariston muftiysi o‘rinbosari, Rossiya islom instituti rektori Rafik Muxametshin va Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elovlar so‘zga chiqdi. Notiqlar bugungi axborot xurujlari avj olgan murakkab davrda bunday ilmiy anjumanlarning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidlab, anjuman ishiga rivoj tiladilar.
Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini ikkita asosiy sho‘baga bo‘lingan holda qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom ettirdi.
1-sho‘ba: "Globallashuv davrida sof aqida: muammolar va yechimlar"
Ushbu yo‘nalishda Ibn Xaldun universiteti (Turkiya) vitse-prezidenti, professor Özcan Erkan Akgun hamda Qozon islom instituti doktori Rashid Sibgatulin kabi xorijlik mehmonlar bilan bir qatorda, yurtimiz olimlarining muhim ma’ruzalari tinglandi.
Xususan:
Soatmurod Primov (Toshkent islom instituti kafedra mudiri) Imom Abu Hanifaning adashgan oqimlarga qarshi kurashdagi bebaho qarashlarini tahlil qilib berdi;
Dilsora Boltayeva (Jo‘ybori kalon madrasasi vakili)ning "Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta diniy kontent: tahdidlar va himoyalanish strategiyalari" mavzusidagi chiqishi bugungi raqamli olamdagi yangi xavflardan ogohlantirishi bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi;
Asrorxon Mahmudov (Mir Arab oliy madrasasi) va Dr. Ahmed Saad (Imom Moturidiy markazi)larning moturidiylik ta’limotida vasatiylik tamoyillari hamda tasavvuf uyg‘unligiga oid ma’ruzalari tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.
2-sho‘ba: "Globallashuv davrida tasavvuf: ma’naviy meros va zamonaviylik"
Mazkur sho‘bada tasavvufning jamiyat ma’naviyatidagi o‘rni va bugungi kundagi ahamiyati keng ochib berildi.
Ahmad Muhammad Ali Misriy (Mir Arab oliy madrasasi) Abu Hafs Nasafiy misolida Qur’oni karimning tasavvufiy tafsiriga to‘xtaldi;
Shukurillo Umarov (Imom Buxoriy markazi) jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda Najmiddin Kubro ta’limotining o‘rni haqida so‘z yuritdi;
Uchqun Avliyoqulov (Mir Arab oliy madrasasi prorektori) esa Malayziyadagi zamonaviy tasavvuf tashkilotlari va ma’naviy diplomatiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, Misrning Buxoro davlat universitetidagi vakili Dr. Ayman Usmon kabi olimlar ham o‘zlarining ilmiy xulosalarini taqdim etdi.
Umuman olganda, mazkur xalqaro konferensiya globallashuv sharoitida yot g‘oyalarga qarshi sof aqidani saqlash, ajdodlarimizning boy tasavvufiy merosini o‘rganish va mo‘min-musulmonlar ongini turli axborot xurujlaridan himoya qilishda muhim ilmiy-amaliy minbar vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati