Cavol: Kimgadur biron narsani (pul)ni va'da qilib yoki bugun tayyor bo'ladi deb aytilgan vaqtga qilib bera olmasam, aytgan gapimni ustidan chiqa olmasam, buning hukmi qanday bo'ladi? Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Musulmon kishi harom bo'lmagan biror ishga yoki narsaga va'da bersa, va'dasini ustidan chiqishga imkon qadar harakat qilishi lozimdir. Biror kishi va'dasini ustidan chiqish niyatida va'da berib, biror uzr sababli va'dasini bajara olmasa, gunohkor bo'lmaydi.
عن زيد بن أرقم عن النبي صلى الله عليه وسلم قال إذا وعد الرجل أخاه ومن نيته أن يفي له فلم يف ولم يجئ للميعاد فلا إثم عليه. (رواه أبو داود)
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kishi birodariga va'dasiga vafo qilish niyatida va'da bersa, lekin va'dasiga vafo qila olmasa, va'dalashgan joyga kela olmasa, u kishiga gunoh yo'q", dedilar (Imom Abu Davud rivoyati).
Ammo, va'dani bajarishda sustkashlik qilsa yoki bajarmaslik niyatida va'da bersa-yu va'dasini bajarmasa, qattiq gunohkor bo'ladi. Chunki va'da berib, uzrsiz uni bajarmaslik shar'an harom ish bo'lib, munofiqlik alomatidandir (“Mirqot ul-Mafotih” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Xalqaro oila kuni, yaqinlashayotgan qutlug‘ Qurbon hayiti hamda 1 iyun — Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent islom institutida ta’lim muassasasi tarixida ilk bor «Oilaviy ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi. Instituti hovlisida o‘zgacha quvonch va samimiyat muhitini ulashgan ushbu fayzli tadbirni ta’lim muassasasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir doirasida institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning 200 nafardan ziyod farzandlari hamda nabiralari uchun unutilmas bolalar sayli uyushtirildi.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bolajonlarning o‘z ota-onalari mehnat qilayotgan tabarruk ilm dargohi va bu yerdagi ma’rifiy muhit bilan yaqindan tanishishi hamda qalbida ilm ahliga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirishdan iboratdir.
Bayram dasturi doirasida bolajonlar uchun «Shirinliklar bayrami» tashkil etilib, milliy o‘yinlar, rasm chizish, xattotlik, shaxmat-shashka va stol tennisi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi.
Shuningdek, qizlar uchun milliy hunarmandchilik mahorat darslari, sayyor attraksionlar va multfilmlar namoyishi bolajonlarga haqiqiy quvonch ulashdi. Tantanali tadbir yakunida institut ma’muriyati tomonidan barcha ishtirokchilarga maxsus bayram sovg‘alari va shirin tushliklar taqdim etildi.
Ota-onasining jamiyat uchun manfaatli mehnatidan faxrlangan bolajonlarning chehrasidagi beg‘ubor tabassum ushbu xayrli va ma’naviy tadbirning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Zero, oilasi ahil, farzandlari baxtiyor bo‘lgan yurtning kelajagi hamisha nurli va barqarordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati