…Amakim shunaqa to'y berib elga,
Ertangiovozagashtinisurar.
Topgan-tutganini sovurib elga,
Eshik panasida bo'zrayib turar (Anvar Obidjon).
To'y ham o'tdi. Uy sohibi xohlaganidek dovrug'i doston bo'ldi. Ketma-ket uch kunlik shov-shuvlardan “Bechora, boy bo'lmasa ham emay-ichmay to'plagan ekan-da?” deguvchilar ko'p bo'ldi. Ammo uning ichidan o'tayotganlari o'zigagina ayon. Taniqli shoir Anvar Obidjon ta'riflaganidek, bo'zrayib qolgandi. Ayolining u dugonam bunday qilgandi, bunisi unday degan xarhashalari ko'pga tushdi. To'ydan keyin ro'zg'orga yarar, deb tishining kovagida saqlaganlari ham tugadi. Endi yana urfga kirgan allambalo odatlari bormish, ularni qanday amallaydi? Hayolida to'xtovsiz savollar aylanardi:
– 40 kunlab “mazar” tashish shartmikan? Bu hali xolvasi deydimi, bayramliklarga nima bor ekan? Otam rahmatli onamga “Kampir, gap sarpo-surug'u, xotin-xalajning so'zida emas, avvalo, baxtini bersin. Kelinchak ham bizga qo'shilib qattiq non bo'lsa ham, osh bo'lsayam eyveradi-da, tili qisiq bo'lishdan Hudo asrasin”, deb ko'p aytardi. Mana bugun shu gaplarning mag'zini chaqyapman”.
Tabiatan mehmondo'st, qo'li ochiq xalqmiz. Elga osh berish, ko'pning duosini olish o'zligimizning bir bo'lagiga aylangan. To'ylarga etkazsin, har kuning to'y bo'lsin, degan duoyu tilaklarimiz bor. Albatta, to'y shunday. Ammo uning dinimizda o'ziga xos qonun-qoidalari, ota-bobolardan meros urflari bisyor. Afsuski, bugungi marosimlar otchoparda ot surayotgan chavandozlar poygasini eslatadi. Shuncha dabdabadan so'ng ham qancha-qanchasi arzimagan “qildi – qilmadi”, degan gap-so'zlar bilan buzilib ketayotgani tashvishli hol.
Bir kuni avtoulovdagi hamrohlarimdan biri qiz chiqarganiga ikki oy bo'lganini aytib qoldi. Qo'lida bir dunyo narsa. “Ko'rmaysizmi, qiz berib qutuldim, desam tutilganga o'xshayman. Aka-uka, ovsinlar qolib, hali yo'lga kirmagan jiyanlariga ham bayramlik olishim kerak ekan.
– Shuncha hasham nimaga kerak, – deya gapga qo'shildi old o'rindiqda o'tirgan otaxon. – Ehh, sizlarni shu mayda-chuydalaringizdan o'rgildim. Ko'nglingiz bo'lmasa, bitta to'rtni olib ukasimi, akasimi yo'qlab kelsin, bo'ladi-da. Singillarni holidan xabar olish yigit kishiga farz.
– Bermay desam, qo'ni-qo'shni yangi kelinga nima keldi, deb poylab turarmish. Qizimning yuzidan o'tolmayman, deya kuyunib gapida davom etarkan ayol.
Onaxon ortinib, toshinganidan emas, uyalganidan qilayotgani ko'rinib turardi.
Nazarimda to'y boshlashdan avval oilaning keksalari bilan kengashishlar kamayib ketyapti. Boboyu momolarimiz isrof nima, ehson nima yaxshi bilishadi. Ixchamgina, quda-andalarning bir-biriga soliqlarsiz o'tkazgan o'zbekona to'yga nima etsin. Isrof barakani yo'qotadi, deya ular bejiz ko'p takrorlashmaydi.
Alloh taolo Qur'oni karimda bandalarni isrof qilmaslikka buyurib: “...Isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o'ta noshukur edi” (Isro surasi, 26-27-oyatlari).
Molini hasislik va isrofga yo'l qo'ymasdan xayr ehson qilgan bandasiga Alloh taolo kutmagan joyidan nematlar ato etadi. Bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday ta'lim beradilar: “Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha eb-ichinglar, xayru ehson qilingar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo'l qo'ymangizlar” (Imom Ahmad va Ibn Mojja rivoyati).
Agar mo'min kishi maraka marosimida ketadigan mablag'ning bir qismini o'sha farzandining haqiqiy ehtiyoji, ularning kelajagi, oila yumushlarini engillashtirishga sarf etsa yanada manfaatli bo'lardi.
Jamiyatimizning mazkur muammosi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. 2019 yilning 14 sentyabr' kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko'ra milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo'shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko'rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog'ora yuborish” va hokazolarni) o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi.
Pandemiya davrida ixchamgina to'ylar ham bo'ldi. Ko'pchilik bo'larkan-ku, degandi o'shanda. Biroq ko'p o'tmay, yana o'sha holat... Go'yo ayrim “to'ychi”lar uchun to'y emas, undagi shohona rasm-rusumlaru o'zini ko'z-ko'z etish muhimdek. Shu o'rinda mashhur “Uchrashuv” intermediyasi yodga tushadi: “Havo kerak emasmi?”.
Yon-atrofdan muammolarning oldini olish uchun mahalla raislari, ularning maslahatchilari, imom-xatib va otinoyilar targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borishi kerak degan fikrlarni ko'p eshitamiz. Avvalo, o'sha to'y egalarining dunyoqarashini to'g'rilashimiz kerak. Shunda el orasida dabdababozlik kamayib, to'ylar qarz, etishmovchilik, g'urbat keltiruvchi tashvishga emas, qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar o'rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlovchi, xursandchilik keltiruvchi marosimga aylanadi. Buni yaxshi tushungan kishi o'zi, oilasi, xalqi va yurtiga manfaat keltiradigan reja asosida quvonchli kunini o'tkazadi. Ana shu xislati uning ma'naviyatini ko'rsatish barobarida jamiyatni ortidan ergashtirishga ham xizmat qiladi.
Huvaydo HO'JAMQULOVA,
jurnalist
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV