Inson hayotda o'z o'rnini topishi, baxtli hayot kechirishi, el-yurt orasida hurmat-e'tibor qozonishi uchun tinimsiz mehnat qilishi zarur. Ammo umrni mazmunsiz o'tkazib, biror ezgu ishga qo'l urmay, na o'ziga, na jamiyatga foyda keltirmasdan yashashi juda alamlidir.
Afsuski, bugun yoshlar orasida bekorchilik oqibatida xulqi buzilib, vaqtini isrof bilan o'tkazayotganlar etarlicha. Bejiz xalqimiz: “Bekorchidan Hudo bezor”, demagan. Ko'p hollarda yoshlar internetdan ko'ngilochar vosita sifatida foydalanib, ertayu kech umrini elga sovurmoqda. Turli ma'nisiz o'yinlar domiga sho'ng'ib, o'zlarining salomatliklariga ham jiddiy zarar etkazishmoqda. Axir umr, yoshlik, sog'lik g'animat emasmi? Bularni isrof qilish esa og'ir gunohdir.
Bekorchilik illati qaysi xalqda ildiz otsa, uni zaiflashtiradi, qaysi shaxsda uchrasa, uni xor qilib, obro'sidan ayiradi. Afsuski, keyingi paytda ayrim yoshlar ana shu illatga ruju qo'yib, manqurtlikka, og'ir gunohlarga, jinoyatlar sodir etishga mubtalo bo'lmoqda.
Vaholanki, bu haët doimiy harakatda, o'zgarish, yangilanishda. Aqli raso, mo'min kishi vaqtini behuda sarflamaydi. Doim dunë hayoti ëki oxirat uchun foydali ishlar payidan bo'ladi.
Shu bois hazrat Umar roziyallohu anhu: “Nafsingni foydali narsalar bilan mashg'ul qil, aks holda, uni zararli narsalar egallab oladi”, deb ogohlantirgan.
Shuning uchun farzandlarimizni bekorchi bo'lib qolishlariga yo'l qo'ymasligimiz, balki ularni bilim olish, kitobxonlik, turli to'garaklar, sport bilan band qilishimiz zarur. Shundagina ular ma'rifatli, mehnatsevar, o'z kasbini puxta biladigan, xalqimizga, dinimizga foydali insonlar bo'lib etishadi.
Odiljon NARZULLAYeV,
Yangiyo'l tumani “Imom Sulton” jome
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.
Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.
Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.
Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.
Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:
﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾
“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).
Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.
Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan