Cavol: Qasamning kafforatini tushuntirib bersangiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Aslida qasam ichgan odam qasamiga sodiq qolishi lozim. Agar qasamida turmasa, qasamxo'r bo'ladi va gunoh sodir etgan hisoblanib, kafforat berishi vojib bo'ladi.
Qasamni buzgan kishi xohlasa o'n kishini taomlantiradi, xohlasa ularni kiyim bilan ta'minlaydi. Bunda kamida shim va ko'ylak kabi kiyimlar bo'lishi kerak. Agar bu ikki ishdan birortasiga qodir bo'lmasa, uch kun ketma-ket ro'za tutadi. Qasamni buzmasdan turib kafforat to'lanmaydi. Qasamning kafforati haqida Qur'oni karimda bunday deyiladi: “...Buning kafforati (jarimasi) – oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o'rtacha miqdorida o'nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki (bularni) topa olmasa, uch kun ro'za tutishi (mumkin). Ana shu ichgan (va buzgan) qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni asrangiz! Alloh sizlarga O'z oyatlarini shunday bayon qiladi, toki shukr qilgaysiz” (Moida surasi, 89-oyat).
Agar kishi o'z ota-onasiga gapirmasligi kabi gunoh ishni qilishga qasam ichgan bo'lsa, qasamini buzib, kafforat to'lashi lozim bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir ishga qasam ichsayu, keyin undan boshqasi yaxshiroq ekanini bilsa ichgan qasamiga kafforat to'lasin-da o'sha yaxshiroq ishni qilsin”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Bu hukmlarda qasamni bilib turib buzgan ham, majburlanib buzgan ham, unutib buzgan ham barobardir (“Al-Muxtor”, “Fathu babil inaya”). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gohida insonga balo ham bir ne’mat bo‘lar,
Va goho Robbim ne’mat bilan imtihon etar.
Ibodatli, yaxshi bir ibodatli do‘stimning ayoli saraton kasaliga chalindi, ularning uch farzandi bor edi. Do‘stimga dunyo tor kelib, yer zulmatga aylanib qoldi. Shunda ulamolarning biri unga saharlari turib ibodat qilib, ayoli uchun istig‘for aytib, zamzam suviga qiroat qilib unga ichirishini maslahat berdi. Alloh taolo uning yo‘lini duo qilishga ochib qo‘ydi. Ayoli Qur’on o‘qilgan zamzam suvi bilan jismini tozalar, u esa ayoli bilan tong sahardan quyosh chiqquncha, shom namozidan keyin xuftongacha o‘tirib birgalikda istig‘for aytib duo qilishardi. Shunday qilib Alloh taolo uning kasaliga shifo berdi, unga go‘zal teri va chiroyli sochlar ato qildi. Ular esa istig‘for va tungi namozga bog‘lanib qolishdi.
Singlim, agar siz kasal bo‘lsangiz Alloh tomonga yuring, istig‘for, tavba va duoni ko‘paytiring. Shunda tez orada sizni xursand qiladigan xushxabar keladi. Chunki duoni faqatgina Alloh taolo ijobat qiladi, qiyinchilik va yomonliklarni U Zotgina aritadi.
Shu’la: O‘tgan va bugungi kunlaringizni hisob-kitob qiling. Chunki hayot ketma-ket sinovlardan iborat, inson bu sinovlardan g‘olib bo‘lib chiqishi lozim.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan