Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2025   |   11 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:39
Xufton
21:04
Bismillah
05 Avgust, 2025, 11 Safar, 1447

Onaning merosdagi holatlari

03.01.2024   747   3 min.
Onaning merosdagi holatlari

Onaning meros olishida uch holat bor. Onaga ham xuddi otadagi kabi marhumning boshqa merosxo'rlari ta'sir etadi.

1. Marhumning merosxo'r farzandi bo'lsa, ona oltidan bir (1/6) oladi. Agar farzandi bo'lmay, aka-uka yoki opa-singillaridan ikki va undan ko'p kishi bo'lsa, onaga 1/6 ulush beriladi. Bunda ikki va undan ko'p aka-uka va opa-singillar merosxo'r bo'lishi yoki bo'lmasliklarining farqi yo'q. Zero, merosdan hajb (to'silgan) bo'lgan, ya'ni boshqa yaqinroq merosxo'r sabab merosdan to'silgan merosxo'r boshqani ham hajb qilishi mumkin. Merosdan mahrum bo'lgan shaxs esa boshqani to'solmaydi. Masalan, marhum ortidan xotini, onasi va o'g'lini qoldirdi. Hotiniga sakkizdan bir (1/8) farz ulush. Onaga mayyitning merosxo'r zurriyoti (o'g'li) mavjudligi uchun oltidan bir (1/6) farz ulush. O'g'il asabalik jihatidan qolgan merosni oladi. Masalaning umumiy maxraji (asli) 24 ta ulush bo'ladi. Uning 1/8 i bo'lgan 3 ni xotiniga, onasiga 1/6, ya'ni 4 ta ulush va o'g'il asabalik jihatidan qolgan barcha meros 17 ta ulushni oladi.

2. Mayyitning merosxo'r farzandi bo'lmasa yoki aka-uka va opa-singillardan ikki va undan ko'pi bo'lmasa, ya'ni avvalgi holatda mavjud bo'lgan vorislar bo'lmaganda ona uchdan bir (1/3) ulush oladi.

Misol: bir ayol vafot etib, ortida onasi va ikki tug'ishgan aka-ukasi qoldi. Ona oltidan bir (1/6) farz ulushni oladi. Ikki tug'ishgan aka-uka asabalik jihatidan qolgan barcha merosni oladi. Masalaning asli 6 ta ulush bo'lishi kerak. Ammo 6 ning (5/6)i bo'lgan 5 asabalik ulushini ikki tug'ishgan aka-ukaga kasrsiz taqsimlab bo'lmaydi. Bu holatda masalaning aslini quyidagicha tashih qilamiz: tug'ishgan aka-ukalar soni 2 ni masalaning asli 6 ga ko'paytiramiz. Hosil bo'lgan 12 masalaning tashihi quyidagicha: onaga (1/6) oltidan bir 2 ta ulush, ikki tug'ishgan aka-uka asabalik jihatidan qolgan barcha meros 10 ta ulushni har birlari 5 ta ulushdan olishadi.

3. Mayyitning ortida eri yoki xotini va otasi bilan qolgan onaga er yoki xotinlardan biri o'z ulushini olgach, qolgan molning uchdan biri (1/3) beriladi. Ota esa, oxirida asabalik jihatidan qolgan merosning barchasini oladi. Bu holatda onaning ulushi otanikidan ko'p bo'lmasligi uchun, ona – er yoki xotin o'z ulushini olgach, qolgan molning uchdan biri (1/3) ni oladi. Ushbu masala meros ilmida “Umariya masalasi” deb ataladi. Chunki merosni mazkur ko'rinishda ilk bor Umar ibn Hattob roziyallohu anhu taqsim qilgan.

Umariya masalasiga misol: bir kishi vafot etib, ortida xotini, onasi va otasi qoldi. Hotiniga to'rtdan bir (1/4) farz ulush. Ona mayyitning xotini o'z ulushini olgach, qolgan ulushning uchdan biri (1/3)ni oladi. Ota asabalik jihatidan qolgan barcha merosni oladi. Masalaning asli 4 uning bir ulushi, ya'ni 1/4 qismi xotinga, ona qolgan 3 ulushdan uchdan biri (1/3) bo'lgan 1 ta ulushni, ota asabalik jihatidan qolgan barcha meros, ya'ni 2 ta ulushni oladi.

Saidjamol MASAYITOV,
Fatvo markazi bosh mutaxassisi

"Hidoyat" jurnalining 12-sonidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

“Jumadan jumagacha” (03.08.2025)

04.08.2025   1546   1 min.
“Jumadan jumagacha” (03.08.2025)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Videolavhalar