Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Halifalik

28.10.2022   4127   6 min.
Halifalik

Shuni ta'kidlash lozim, Islomda haq­­qoniy xalifalik davri allaqachon o'tib ketgan. Payg'ambarimiz Muhammad sol­lallohu alayhi va sallam hayotlik chog'­laridayoq haqqoniy xalifalik davri­ni aniq aytganlar. U zot alayhissalom: “Halifalik o'ttiz yildir! Undan ke­yin podsholik bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumulloh rivoyati).

Ushbu hadis Payg'ambarimizning mo''­jiza­laridan biri bo'lib, unda aytilgan xabar Rasulullohdan keyin o'ttiz yil da­vomi­da o'z tasdig'ini topdi. Ma'lumki, Islom ummati uchun to'rt roshid xalifa bor. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum. Shu to'rt xalifaning musulmonlar ustida rahbarlik davri o'ttiz yilga to'g'ri kelgan. Bularning davri o'tgach, Islom ummati orasida haqqoniy xalifalik davri tugab, Payg'ambarimiz bashorat qilganlaridek, podsholik davri boshlandi.

Hizbchilar xalifasi bo'lmagan ummatning ibodatida naf yo'q, deydilar. Ular bu qarorga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadisini asos qilmoq­chi bo'lishadi: “Kim imom (bosh­liq)­siz o'lsa, johiliyatda o'libdi” (Imom Ahmad rivoyati). Ular bu hadisga ­tayanib, xalifalik masalasini Islom arkonlaridan ham muhim deb birinchi o'ringa qo'yishgan. Buning oqibatida o'z­lari ham adashib, tobelarini ham zalolatga bosh­laganlar.

Hadis esa mazmun jihatidan ikki xil ma'noga ega:

1) haqqoniy xalifa mavjud bo'laturib, unga itoatsizlik qilganlar go'yo johi­liyat davrida o'lganlar kabi o'libdi;

2) boshida rahnamosi, imomi, boshlig'i bo'laturib, unga itoat qilmagan o'zboshim­chalar go'yo johiliyatda o'lgandek o'libdi.

Birinchi ma'noga ko'ra, hadis ma'lum davrgagina xos bo'lib, bugungi kunda o'z kuchini yo'qotgan hisoblanadi. Chunki yuqoridagi hadisda aytilganidek, haqqoniy xalifalik davri dastlabki o'ttiz yilda nihoyasiga etgan. Demak, bu hadis hozirgi kunga daxldor emas. Hizbchi­larning unga suyanishi xatodir.

Ikkinchi ma'noga ko'ra, hadis hukmi umumiy bo'lib, bugungi kunda ham o'z kuchini yo'qotmagan. Biroq, aynan xalifani emas, balki imomni, boshliqlarni nazar­da tutadi. Diqqat qilsangiz, ikki ehtimoliy ma'noda ham hadis hizbchilarning zarariga “ishlaydi”.

Birinchi ma'noga ko'ra, hizbning xali­falik yo'lidagi harakati o'ta mantiqsiz­lik va amrimahol xalifalikni qayta tiklashga behuda urinish bo'lib chiqadi. Birinchidan, Rasululloh sollallohu alay­hi va sallam tomonlaridan aniq vaqti va chegarasi bayon qilingan narsani qayta tiklashga urinish yo aqlsizlik, yoki Rasu­lullohga ishonmaslikdir!

Ikkinchi ma'noga ko'ra esa, hizbning o'zi hadisga ochiqcha ters harakat qilayotir. Axir o'z yurtboshisi, rahnamosi, hokimiga itoatda yashab kelayotgan jamiyatda mavjud hukumatni ag'darib, o'rniga o'zlari istagan shaxsni tayinlashga urinishla­ri mavjud boshchiga, ilm ahliga, imom-dom­lalarga itoatsizlik emasmi?!

Hadisga ikkinchi ma'no nuqtai naza­ridan yondashsak, hizb a'zolarining o'z­lari johiliyat o'limini topuvchi adashgan toifalarning birinchi qatorida turibdi-ku?!

Hanafiy mazhabining yirik olimi, hindistonlik Mulla Jivan hazratlari hukm oyatlariga doir “at-Taf­sirotul Ah­madiya” asarida mavzuga doir quyidagi fikrni ilgari suradi: «Bilib qo'yish lozim, tom ma'nodagi komil xalifalik (davri) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu: “Halifalik mendan so'ng o'ttiz yildir! Undan ke­yin talashib-tortishiladigan podsholiklar (davri) bo'ladi”, degan hadisi taqozosiga ko'ra, Ali roziyallohu anhuda tamom bo'lgan. Noqis xalifalik esa unday emas (ya'ni o'ttiz yildan keyin ham davom etgan). Chunki abbosiylar davrida, noqis bo'lsa-da, xalifalik bo'lgan. Haqqoniy imomat ham bugungi zamonamizda shartlari yo'q bo'lib ketgani bois topilmaydi. Zero, imomat shartlari ichida eng oxir­gisi qurayshiy bo'lishdir. Bu ham hozir­gi davrda juda ko'p joylarda topilmaydi­gan shartdir.

Shuningdek, mutlaq tarzda kelgan: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat qi­ling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'l­gan ishboshilarga itoat qiling” (Ni­so surasi, 59) oyati karimasiga ko'ra, rah­barlarga (dinga zid ishlarni buyurmasa) itoat qilish vojib bo'ladi. Ular xalifa yo haqqoniy imom deb emas, balki ishboshilarimiz bo'lgani uchun itoat qilamiz, ergashamiz» (Mulla Jivan “At-Tafsirot ul-Ahmadiya”. 201-B. Qozon. Haritonov matbaasi. 1904 m).

Demak, hizbchilarning xalifalik ha­qida ilgari surayotgan fikrlari vo­qe­likda sodir bo'lishi mumkin bo'lmagan amrimahol xayolotdan boshqa narsa emas. Ahli sunna e'tiqodini mahkam tutaman degan shaxs hizbning xayoliy tasavvurotlariga, aslida, buzg'unchi g'oyalariga aldanmasdan, sog'lom fikr yuritsa, haqni topadi.

Botirjon TOJIBOYeV,

Andijon shahar “G'ishtli” jome

masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

27.08.2026   56648   1 min.
Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
 

Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.


Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi
O'zbekiston yangiliklari