Oliygohlardan birida ta'lim oladigan bir qizning onasi hikoya qiladi:
Qizim o'zi yaxshi ko'rgan sohadagi universitetda ta'lim oladi. Universitet bo'yicha eng a'lochi va faol talabalar safida. Ammo shunga qaramay, oxirgi paytlar juda o'zgarib qoldi. O'qishdan keldi deguncha to'g'ri xonasiga kirib ketadi. Honasini ichkaridan qulflab olib soatlab o'tiradi. Boshida dars tayyorlayotgandir, ha eshikni qulflagan bo'lsa, hech kim xalaqit bermasligi uchundir-da deb o'yladim. Ammo kechki ovqat paytida yig'idan ko'zlari qizarib shishib ketgan ko'yi chiqib keladigan bo'ldi. Nima gapligini so'rasam aytmaydi. Qizimning ichidan nimalar o'tayotganini hech anglolmadim.
Ahyon-ahyonda birga dars tayyorlagani kelib turadigan dugonasi bor edi. O'sha dugonasining telefon raqamini topib bog'landim. Dugonasi boshida gapni rosa uyoqdan-buyoqqa olib qochib sir boy bergisi kelmadi. Men ham aytmaganiga qo'ymaganimdan keyin oxiri yorildi. Aytishicha, qizim o'z guruhlarida birga o'qiydigan oldi yigitlarning biri bilan bir-birini yaxshi ko'rishgan ekan. Ularning sevgi qissalaridan butun universitet talabalari, hatto o'qituvchilar ham xabardor emish. Lekin ikki hafta avval o'sha yigit boshqa qizga uylanibdi. Qizim sho'rlik shunga ich etini eb yurgan ekan.
Kechki ovqatni qilib bo'lgach, xonasiga kirib ketayotgan qizimni belimni uqalab qo'yish bahonasida ushlab qoldim. Keyin qizimga bo'lib o'tgan hamma ishdan xabardor ekanimni bildirdim. Qizimning ko'ziga yosh quyilib keldi. Qani endi yupatolsam... “Nega shu narsani menga vaqtliroq aytmading, qizim, axir men ham sendek yosh bo'lganman, aytganingda seni eshitardim, axir odam taftini odam oladi-ku” deb koyigan bo'ldim. Lekin qizimdan eshitgan javobim boshimga urilgan kaltakdek bo'ldi. Qizim: “Maktab davrimda oldingizga ko'p kelardim. Keyinroq kollejda o'qiganimda ham siz bilan dildan suhbatlashishga rosa urinardim. Nuqul “charchadim”, “ertaga gaplashsak bo'lmaydimi” derdingiz. O'sha paytlarda qayerda edingiz, ona?” dedi va yig'lab xonasiga kirib ketdi. Men nima deyishimni ham, nima qilishimni ham bilmasdim. Qizimning javobidan yolg'ondakam uqalattirayotgan belimga chindan og'riq turgandek bo'ldi. Chunki qizim to'g'ri gapirgandi. Ancha vaqtgacha eslashga harakat qildim-u lekin qizim bilan qachon dildan, dugonalar kabi dardlashaganimizni eslolmadim. Ish debman, ro'zg'or debman, qarindosh-urug', bordi-keldi debman-u, qizim bilan oramiz uzoqlashayotganini, oramizdagi ona-bola ko'prigi qulayotganini sezmay qolibman. Agar bu narsani barvaqtroq his qilganimda, qizimning ichki kechinmalaridan oldinroq xabardor bo'lganimda unga to'g'ri maslahatlar berarmidim, u bechora ham bekorga shuncha g'am chekib o'tirmasmidi, eh afsus, g'aflatda qolibman...
Qancha o'tirganimni bilmayman. Uzoq o'yladim. Hali ham kech emas. Endi shu ko'prikni qayta tiklashim shart. Bu mening onalik burchim.
Ertasi kundan boshlab har kuni kechki ovqatdan so'ng qizim bilan suhbatlashadigan bo'ldik. Boshida ichidagi hamma narsani ham aytmasdi. Lekin oradan bir necha oy o'tgach, qizim ichidagi borini menga to'kib sochadigan bo'ldi. Haligi yigit bilan bog'liq xotiralari ham unutilib ketdi. Qizim yana avvalgi quvnoq va faol holiga qaytdi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekistondagi 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi. 18 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Hamyurtlarimizni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, hojilarni ona-Vatanimizga olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha quyidagi tayyorgarlik ishlari jadal amalga oshirilmoqda:
– ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi;
– bo‘lg‘usi hojilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi;
– ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi
– sumka
– nimcha
– termos
– soyabon
– sim-karta
– quvvatlagich.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan "Haj – 2026" mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati